O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi rahbari Adham Ikromov avtomobil transportida yo‘lovchi tashish faoliyatini litsenziyalash o‘rniga transport vositalarni ro‘yxatdan o‘tkazish orqali manzilli masalalarga yechim topish mumkinligini aytdi. Bu haqda u 31 yanvar kuni o‘tkazilgan Xalqaro press-klub sessiyasida fikr bildirgan.

«Ayni paytda 280 turdagi faoliyat bo‘yicha litsenziyalash amaliyoti bekor qilingan. Masalan, endi veterinariya xizmati uchun litsenziya talab etilmaydi, ya’ni veterinar laboratoriya faoliyati uchun akkreditatsiya olinadi, xolos. Avtomobil transporti orqali yo‘lovchi tashishda ham litsenziyalashning o‘rniga transport vositalarni ro‘yxatdan o‘tkazish orqali shu masala yechimini topsa bo‘ladi», — dedi Adham Ikromov.

2018 yildan boshlab, har qaysi jismoniy shaxs yakka turdagi tadbirkorlik patenti bilan haydovchilik qila olishi, shunday huquq paydo bo‘lishi kutilgan edi. Ammo biroz vaqt o‘tib, davlat byudjeti parametrlarida bu masala olib tashlandi, amalga oshmadi. O‘sha paytda moliya vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlagan Ahadbek Haydarovning aytishicha, bu masalada yig‘imlardan norozi haydovchilar e’tirozi inobatga olingan. Qolaversa, yo‘lovchi tashish qoidalari va xavfsizlik masalasida ayrim masalalar ochiq qolgandi.

Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevning qayd etishicha, O‘zbekistonda taksi xizmatini to‘liq «soya»dan olib chiqish byudjetga qo‘shimcha 180 milliard so‘m tushumni ta’minlaydi.

«Bu eng kamida YAIMning 0,01 foizga o‘sishiga ta’sir qiladi. Shuningdek, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilib, haydovchilar rasman mehnat faoliyati orqali ish stajiga ega bo‘ladi», — degan edi u.

Shunga qaramay, mazkur xizmatni ko‘rsatish bozorida yakka haydovchining taksi faoliyati bilan shug‘ullanishi bo‘yicha aniq va keng ko‘lamli reja hanuz mavjud emas.