Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva Sirdaryo viloyat hokimligida o‘tkazilgan mahalliy Kengash deputatlari bilan uchrashuvda kelgusida vakillik va ijro hokimiyati alohida-alohida bo‘lishini ma’lum qildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar qildi.

«Ayni paytda vakillik va ijro organining rahbari hokim. Vaqti-soati kelib, bu ikkalasi ajratiladi. Hozircha hokim vakillarga ko‘proq erkinlik berishi lozim. Bo‘lmasa, hokim nima desa, deputatlar qo‘l ko‘tarib o‘tiraveradi», — dedi Senat raisi.

Tanzila Narbayeva deputatlar o‘z faoliyatlarini yo‘lga qo‘yib olishlari uchun ishlab chiqilgan targ‘ibot materiallarini taqdim etdi. Aniq misollar asosida qabul qilinayotgan qonunlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha bajarilishi lozim bo‘lgan ishlarga e’tibor qaratdi. Shuningdek, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha eng samarali takliflar aynan hududlarda shakllantirilishi lozimligi qayd etildi.

Senat raisi yoshlar, xotin-qizlar, korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurash, raqamli iqtisodiyotni tatbiq etish borasidagi dolzarb masalalar mahalliy Kengashlarning doimiy kun tartibida bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.