Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa yuzasidan maxsus tekshirish komissiyasi xulosasi e’lon qilindi. Unga muvofiq, fojiada vafot etganlar oilalariga bir martalik nafaqa pullari to‘lanishi belgilandi, deb xabar bermoqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati. 2019 yilning 18 dekabr kuni yangi qurilayotgan Yunusobod yo‘nalishida sodir bo‘lgan avariya oqibatida oltita quruvchi halok bo‘lgandi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, baxtsiz hodisaga handaq qiyalik devorini mustahkamlash ishlari jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, loyihadan chetlanish holati mavjudligi, yog‘ingarchilik suvlari hamda oqava quvurlaridan sizib chiqqan suvning intensiv tuproqqa shimilishi sabab bo‘lgan.

Maxsus komissiya xulosasiga binoan, jabrlanuvchilarning qaramog‘idagi shaxslarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida to‘rtta oilaning har biriga 261 million 938 ming 888 so‘mdan, jabrlanuvchi yana bir oilaga 281 million 62 ming 782 so‘m bir yo‘la to‘lanadigan bir martalik nafaqa pullari belgilandi.

Shuningdek, marhumlarning qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga layoqatsiz shaxslarga oyma-oy to‘lanishi lozim bo‘lgan pul mablag‘lari hisob-kitob qilinib, amalga oshirish uchun ish beruvchilarga taqdim etildi.

Vazirlik axborotida fojiaga yo‘l qo‘ygan mutasaddilar, texnik ishlarga rahbarlik qilgan shaxslarning javobgarlikka tortilgani borasida ma’lumot yo‘q. Qolaversa, qurilish loyihasiga yetkazilgan zarar hisobi ham aytilmagan.