O‘zbekistonda davlat xizmatchilari xarajatlari va daromadlarining muvofiqligi ustidan nazorat o‘rnatiladi. Bu haqda 31 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev olimlar, ishlab chiqarish sohasi vakillari va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

«Gazeta.uz» muxbirining xabar qilishicha, yig‘ilishda davlat rahbari korrupsiyaga qarshi prezident va parlament oldida hisob beradigan organ tuzish rejalarini esga oldi. Prezident so‘zlariga ko‘ra, yangi organ davlat xizmatchilarining korrupsion harakatlarini tekshiradi.

«Nima uchun korrupsiya agentligi tuzayapmiz? „Ura-ura“ qilish uchun emas. Endi amalda korrupsiya tamoyillari — uyini ko‘rib, yurishini ko‘rib, vazirmi, boshqami, bu uyni qurishga qayerdan omil topdi, mashinani qayerdan olibdi, bolasini nimaga (nimaning hisobiga) o‘qitayapti? Omillar qayerda, degan savolga har bir rahbar endi javob beradigan vaqt keldi…», — dedi u.

Prezident davlat xizmatchilari, shu qatorda yuqori martabali mansabdor shaxslar daromadlari xarajatlariga to‘g‘ri kelmasa hisob beradigan, qonun oldida javob beradigan muhit yaratilishini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev uch kun oldin uyidan 400 ming dollar topilgan bojxona postlaridan birining boshlig‘i hibsga olinganini aytib o‘tdi.

«Bir kichkina postning rahbari. 400 ming dollar. U hali bir kunlik. Dunyo hamjamiyati bizni tan olsin, deb shuncha harakat qilayapmiz… Bitta postning boshlig‘i 400 ming dollar o‘g‘rilasa nima bo‘ladi?» — deb so‘radi u.

O‘tgan yilning oktyabr oyida taqdim etilgan prezident qarori loyihasida 2020 yil 1 yanvardan boshlab davlat xizmatchilarining mol-mulki, daromadlari va xarajatlarini deklaratsiya qilish tizimini bosqichma-bosqich amalga oshirishni boshlash taklif qilingan edi. Hujjat hali qabul qilingani yo‘q.