2020 yildan boshlab, imtiyozli kreditning eng kam stavkasi 16 foizdan kam bo‘lmaydi. Buni juma kuni Xalqaro press-klub sessiyasida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Bexzod Hamroyev ma’lum qildi, xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«2019 yil noyabr oyida prezidentimiz imzolagan 5877-sonli qaroriga asosan imtiyozli kreditlar bo‘yicha bu yildan boshlab tartib o‘zgaryapti. Beriladigan imtiyozli kreditlar, degani ularning foiz stavkasi Markaziy bankning asosiy foiz stavkasida yoki qayta moliyalash asosiy foiz stavkasi barobarida bo‘ladi. Hozirgi kunda bizning asosiy foiz stavkamiz 16 foiz. Lekin hech kimga kredit yetmay qolish yoki pul yetmay qolish holatlari bo‘lmaydi», — deya qayd etdi u.

Bexzod Hamroyevga ko‘ra, joriy yilda hukumatning asosiy 7 ta dasturi bo‘yicha banklar tomonidan katta kreditlar ajratish rejada bor. Dasturlar ijrosida 3 ta bank — «Xalq banki», «Mikrokreditbank» va «Agrobank» faol bo‘lishi kutilmoqda.

Markaziy bank qayta moliyalash stavkasi 2018 yil 25 sentyabr kuni 14 foizdan 16 foizga o‘sgandi. Biroq 2020 yildan MB inflyatsion targetlashga o‘tdi va inflyatsiya 2021 yilda 10 foiz, 2023 yilda 5 foiz darajasida ushlab turilishi ko‘zlanmoqda. Bu stavkalarning tushishiga xizmat qilishi lozim.

Inflyatsion targetlash — bu davlat idoralari tomonidan mamlakatda inflyatsiyani nazorat qilish uchun ko‘radigan monetar chora-tadbirlar majmui. Buning uchun o‘rta muddatli makroiqtisodiy prognoz belgilanishi, prognozdan chetga chiqqan taqdirda — iqtisodiyotdagi maqbul holatga qaytishga imkon beruvchi chora-tadbirlar majmui ishlab chiqilishi kerak.

Markaziy bankning asosiy stavkasidan kam raqamlarda kredit ajratilishi inflyatsiyaga salbiy o‘tkazishi mumkin. Shu tufayli, mutaxassislar kreditlash siyosatida imtiyozli tushunchasi aynan MB qayta moliyalash stavkasiga teng bo‘lishini ma’qullashmoqda.