Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori talabi bilan payshanba kuni Jenevada chaqirilgan shoshilinch yig‘ilishda JSST profil qo‘mitasi rasmiy nomi «2019 n-CoV o‘tkir respirator kasalligi» bo‘lgan koronavirus tarqalayotgani sababli vaqtincha bo‘lsa ham xalqaro miqyosdagi favqulodda holatni e’lon qilish zarur, degan qarorga keldi.

BMT yangiliklar xizmatining xabar berishicha, yig‘ilish bir necha soat davom etdi: olimlar koronavirus tarqalishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga har tomonlama baho berishdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, rasman tasdiqlangan 7736 ta kasallikka chalinish va faqatgina Xitoyning o‘zida 12 mingdan ortiq infeksiyani yuqtirishda gumon qilinishi holati qo‘mita a’zolarini JSST bosh direktoriga xalqaro miqyosdagi favqulodda holat e’lon qilishni tavsiya etishga qaror qilishga majburladi.

Uchrashuvdan keyin jurnalistlar bilan suhbatda, JSST rahbari Tedros Adxan Gebreysyus yangi virus paydo bo‘lishiga tezda e’tibor qaratgan Xitoy rahbariyati va shifokorlariga minnatdorchilik bildirdi. Jamoatchilik tahdid haqida o‘z vaqtida xabardor qilindi, zudlik bilan virusni o‘rganish kasallikni tashxislash usullarining tezda ishlab chiqilishiga imkon berdi. JSST rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bunday harakatlar sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlarga javoban yangicha sifat standartidir. Ammo eng muhimi, JSST bosh direktori ishonch bildirdiki, mamlakat rasmiylari zudlik bilan JSSTni xabardor qildi va boshqa davlatlar bilan ma’lumot almashishni yo‘lga qo‘ydi.

Aynan shuning uchun virus butun dunyo bo‘ylab tarqalmadi. Garchi infeksiyani Xitoydan tashqari yana 18 mamlakatda aniqlangan bo‘lsa ham, ular barcha holatlarning atigi 1 foizidan ko‘prog‘ini tashkil qiladi, bunda kasallanganlarning deyarli barchasi oldinroq Xitoyga tashrif buyurganlardir. Va virusning odamdan odamga, XXRdan tashqarida yuqishi hozirgacha faqat to‘rt mamlakatda — Vetnam, Germaniya, AQSH va Yaponiyada sodir bo‘lgan.

Koronavirusning tarqalishi. JSST xaritasi. 7818 ta tasdiqlangan holat. XXRda: 7736 — tasdiqlangan, 12167 — shubhalilar, 170 o‘lim. Boshqa 18 mamlakatda: 82 ta tasdiqlangan holat. Manba: BMT.

Shunga qaramay, xalqaro tashkilot mutaxassislari favqulodda vaziyatni e’lon qilishni zarur deb topdilar: virus yangi bo‘lib, u hali chuqur o‘rganilmagan va shuning uchun kuchaytirilgan xavfsizlik choralari mutaxassislarning fikriga ko‘ra asoslidir. Bugungi kunga qadar 2019 n-CoV 170 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Shu bilan bir qatorda, qo‘mita favqulodda vaziyat sharoitida kasallikning tarqalishiga qarshi kurashishda bir qator tamoyillarga rioya etishga da’vat qildi, shu jumladan:

— xalqaro savdo va harakatni bevosita cheklaydigan choralarni qo‘llamaslik;

— faqat tasdiqlangan ma’lumotlar va ishonchli ma’lumotlar asosida harakat qilish;

— tahdidlarga qarshi choralar rejalarini tayyorlash, ularda bo‘shliqlar mavjudligini aniqlash, virus tarqalishiga qarshi kurashish uchun manbalar mavjud yoki yo‘qligini baholash;

— JSST va barcha manfaatdor tomonlar bilan bemorlarni davolash jarayonida olingan ma’lumotlar va bilimlarni almashish.