Juma kuni butun mamlakat hududida ob-havo ochiq bo‘lib, harorat 7−12 daraja iliq bo‘ladi, bu me’yordan 2−3 darajaga yuqoridir, deya xabar qildi O‘zgidromet matbuot xizmati.

Dam olish kunlari respublikaga Turkmaniston hududidan juda iliq va quruq havo oqimi kiradi. Mamlakat aholisi va mehmonlari juda iliq bahoriy ob-havodan bahramand bo‘ladilar. Faqat respublikaning shimoliy tumanlarida yakshanba kuni kechga borib ob-havo o‘zgaradi, bulutlar ko‘payib shu joylarga qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ish ehtimoli bor.

Dam olish kunlarida havo harorati kechasi 0−5 daraja iliq, kunduzi 10−15 daraja iliq bo‘ladi, bu harorat shu kunning o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlaridan 4−6 darajaga yuqori.