2020 yilning 22 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqda «Hokimlik prezident qaroriga zid ravishda maktablarda tekshiruv o‘tkazmoqda» mavzusida maqola e’lon qilingandi. Xalq ta’limi vazirning Nazorat-huquqiy xizmati tomonidan holat yuzasidan o‘rganish ishlari tashkil qilindi va quyidagilar aniqlandi.

Toshkent viloyati, O‘rtachirchiq tumani hokimi o‘rinbosari Sultonov Farhod Akromovichning buyrug‘i asosida tuman moliya, DSENM va Yoshlar ittifoqi faollaridan iborat ishchi guruh shakllantirilib, dars mashg‘ulotiga xalal bergan holda tumandagi 6 ta umumta’lim maktablarida tekshiruv o‘tkazilgan.

Ishchi guruh a’zolari dars mashg‘ulotlariga xalaqit bergan holda o‘qituvchilarning konspekt daftarlari, darsga tayyorligi, kundaliklar, maktabda ijro va mehnat intizomiga rioya qilinishi hamda o‘quvchilarni darsdan tashqari mashg‘ulotlarga jalb etilish holatlarini tekshirgan.

Vazirning Nazorat-huquqiy xizmati xodimlari ishtirokida joriy yilning 27 yanvar kuni O‘rtachirchiq tumani hokimligida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazilib, tuman hokimining o‘rinbosari Farhod Sultonovning noqonuniy harakati muhokama etildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 5 sentyabrdagi «Xalq ta’limi tizimida boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora tadbirlari to‘g‘risida» qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 apreldagi qarori talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi ta’kidlandi.

Muhokama yakuniga ko‘ra tuman hokimining o‘rinbosari Farhod Sultonovga umumiy o‘rta ta’lim maktablar faoliyatiga asossiz aralashganligi, pedagog xodimlarning sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga yo‘l qo‘yganligi uchun tuman hokimi O.Nurmatovning 19-F sonli farmoyishi bilan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 181-moddasiga muvofiq «Hayfsan» intizomiy jazosi e’lon qilindi.