Amerikaning Ogayo shtatida «Kuaxoga vodiysi» milliy bog‘i joylashgan. U yerda bir temir yo‘li bor. Bu temir izlar ustida eski bir teplovoz vagonlarini ergashtirgancha harakatlanadi. Arzonginaga chipta sotib olish va unda sayr qilish mumkin. Buning nimasi ajablanarli, deb o‘ylayotgandirsiz?

Xuddi shu poyezd davlatga tegishli emas. U tijoriy ham emas. Shunchaki, bir guruh ishtiyoqmandlar bir yerga to‘planadi va bog‘da poyezd harakatini yo‘lga qo‘yamiz, degan qarorga kelishadi. Ular nodavlat notijorat tashkilotni (NTT) ro‘yxatdan o‘tkazib, pul to‘plashadi, teplovoz va vagonlarni ta’mirdan chiqarishadi va dam olish kunlari o‘zlari mashinist, chiptachi va strelkachi bo‘lib ishlash uchun bu yerga kelishadi.

Umuman olganda, AQSHda odamlar har qanday sabab bilan notijorat tashkilotlar, kengashlar, klublar, harakatlarga uyusha oladilar. Aslida, shu narsaga fuqarolik jamiyati deyiladi — uyingiz ostonasidan tashqarida bo‘lgan narsalar uchun javobgarlikni o‘z zimmangizga olish.

Bizda hammasi ham bunday emas. Odamlarimiz nimanidir tekinga qilib berishni yaxshi ko‘rishmaydi. Vaziyat 1945 yilda bombalangandan keyingi Drezdendagi kabi go‘yoki.

Fuqarolik jamiyatining buruqsayotgan xarobalari oralab yerto‘lalardan hadiksiragan faollar qo‘rqqanicha chiqib kelmoqda. Va ularga nafaqat qo‘l uzatishmaydi, balki aksincha, ortga qaytib kirib ketishlari uchun tayoqlar bilan ur-kaltak ham qilishadi.

Men nimani nazarda tutmoqdaman? Eng oddiy narsalardan boshlashga urinib ko‘ring-da. O‘zbekistonda notijorat tashkilotini ro‘yxatdan o‘tkazing. AQSHda buning uchun taxminan bir kun vaqtingiz ketadi — kengashni to‘playsiz, bayonnomani imzolaysiz va uni mahalliy hokimiyatga pochta orqali jo‘natib yuborasiz. Yevropada — uch kun. O‘zbekistonda esa — hatto urinib ham ko‘rmang. NNT ochishga vaqt sarflashdan ahmoqona g‘oya bo‘lmasa kerak.

Siz mushuksevarlar jamiyati, shahar bog‘i do‘stlarini to‘plash yoki vetnam tili ishqibozlari klubini ochishni xohlamasligingiz uchun. Unuting. Men ro‘yxatdan o‘tkazishlarini 11 yil kutgan bir NNTni bilaman. Biladiganlarning aytishicha, hozirda buning uchun o‘rtacha besh oydan abadiyatga qadar shug‘ullanish mumkin. Arizangiz ko‘rib chiqiladi va ortga qaytariladi, keyin bu yana juda ko‘p marta sodir bo‘ladi.

Davlat notijoriy faoliyat bilan shug‘ullanishni xohlayotgan har kimga juda shubha bilay qaraydi: «Aqlli odamlar faqat pul uchun ishlaydi, lekin bu qayoqqa qarab ketayapti? Josus, bildingizmi». Va qandaydir bahonalar bilan rad etishadi.

Har doim ham bunday bo‘lmagan. 2005 yilgacha odamlar qo‘rqmasdan uyusha olar edi. Hozir qachonlardir shunday imkoniyat bo‘lganiga ishonish ham qiyin. Toshkent markazida, O‘zA binosining xuddi o‘zida ishqibozlar tomonidan tashkil etilgan rok klubi bor edi. Mening o‘zim ham shanba kunlari yig‘ilib, qiziqarli bema’ni ishlar bilan shug‘ullanadigan mutlaqo beayb fleshmob ishqibozlari jamiyatining a’zosi edim.

Ularga nima bo‘ldi? MXX hammani qo‘rqitdi va ortga qaytishga majbur qildi. «Rangli inqilobga tayyorgarlik ko‘rishayapti». Ayollar klublari, forumlar, enkaunter o‘yinlar. Bittama-bitta aylanib, hammasini yo‘q qilishdi. Chet elliklarni shunchaki chiqarib yuborishdi va ularning tashkilotlarini yopib tashlashdi. Buruqsayotgan Drezden qoldi.

Nima uchun? Hech kim sababini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tilga olmadi, biroq rasmiy tashviqot quloqlarga shivirlab turdi: «NNTlar „maydon“ qilishmoqchi»". Bu siyosiy konsepsiya fuqarolik jamiyatining qabrtoshidagi yozuvga aylandi.

Hokimiyat chet elliklarning ichki siyosatga notijorat tashkilotlari orqali ta’sir ko‘rsatishidan qo‘rqar edi. Biroq sallaga qo‘shib kallani ham olishdi. Xavf-xatarlarni bittama-bitta yo‘q qilish o‘rniga (bunisi yanayam og‘irroq-da chunki), shunchaki hammasini yopib yuborishdi. Bunday qilish bizda odat tusiga kirgan.

Afsuski, bu konsepsiya 2020 yilda ham o‘z hukmini o‘qimoqda. «Maydon paranoyyasi» hali ham yashagandan-yashamoqda. 1 fevral kuni Vazirlar Mahkamasiga NNT to‘g‘risidagi yangi Kodeks taqdim etilishi kutilmoqda. Mutaxassislar uning loyihasi bilan tanishib chiqishdi: unda hech qanday yaxshi narsa yo‘q.

NNTni ro‘yxatga olish, uni yuritish, nazorati, huquqbuzarliklar uchun javobgarlik -bularning barchasi juda murakkab va byurokratlashtirilgan. Hech narsa radikal ravishda soddalashtirilmagan. Birorta ham aqli raso faol buning uchun o‘z vaqtini sarflashni xohlamaydi. Va bunga majbur ham emas.

Jamiyat uchun kuyib-yonib yashaydigan odamga nima kerak o‘zi? Masalan, men hayvonot bog‘i do‘stlari klubini ochishni xohlayman. Men hujjatlarni va kengash tarkibini tegishli idoraga onlayn yoki ko‘rsatilgan manzilga pochta orqali jo‘natib yuboraman. Biz bank hisob raqamini ochamiz, xayriya mablag‘larini to‘playmiz va jonivorlarga yordam ko‘rsatamiz. Tamom! Tekshirishni xohlaysizmi? Keling, tekshiring. Lekin boshqa hech qanday boshog‘riqlar kerak emas.

Ertaga nima bo‘lishi - hammasi hukumatning qaroriga bog‘liq. Lekin hozirgi ko‘rinishdagi Kodeks, bu -fuqarolik jamiyatini rivojlantirish haqida emas. Bu «maydon paranoyasi» tuxumlarini ekish, sug‘orish va o‘g‘itlashdan boshqa narsa emas.

Faollar va entuziastlar shusiz ham juda kamchilikni tashkil etadi. Ular noyob, kamyob va eksklyuziv bo‘lishadi. Ularni asrash, g‘amxo‘rlik qilish va qadrlash kerak. Davlat ularning oldiga borib NNT ochishni taklif qilishi, qo‘lidan tutib, yordam ko‘rsatishi lozim. Chunki faollar davlatga uning ishlarini qilishga yordamlashadi.

«Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bugungi kunda aholini o‘ylantirayotgan muammolarga davlat idoralari e’tiborini qaratib, o‘zlarining asoslangan takliflarini berib borishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi», - dedi prezident Shavkat Mirziyoyev 25 yanvar kuni Oliy Majlisga murojaatida.

Ajoyib! Shuning uchun, keling, NNT va fuqarolik jamiyati institutlarini yaratishni boshlashlari uchun odamlarga erkinlik beraylik. Biz odamlar javobgarlikni o‘z zimmalariga olishlarini xohlaymiz. Ammo shu bilan birga, ular javobgarlikni o‘z zimmalariga olishlaridan qo‘rqamiz. Paradoks. Shunday ekan, keling, avtobusni qaysi tomonga tortqilash kerakligini oldindan aniqlab olaylik — ortga, avtobus saroyigami yoki oldinga?

Keling, kim jamiyatga ko‘proq zarar yetkazishini o‘ylab ko‘raylik. Hozirda mavjud bo‘lmagan va, ehtimol, qayernidir «maydon»ga aylantirishi mumkin bo‘lgan xayoliy tashkilotlarmi?

Yoki jamiyatga bugunning o‘zidayoq rivojlanishga yo‘l bermayotgan «g‘ildirakka tiqilgan tayoqmi?» Tayoqlarni olib tashlaylik va oldinga intilaylik.