«Gazeta.uz» muxbiri Shuhrat Latipov tuproq uyumidan topilgan suyaklar hamda Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi «Lafarga» qabristoni yaqinida masjid qurilishi bilan bog‘liq vaziyatni o‘rgandi.

Video

Videoda Olga Medvedeva yozuvlaridan foydalanildi.

Hammasi nimadan boshlandi?

28 yanvar kuni Toshkentda yashovchi Olga Medvedeva Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 451-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti oldiga shu yaqin atrofdagi qabristonga tutash hududdan olib kelingan tuproq to‘kilganini xabar qildi. E’lon qilingan videoda ikkita suyakni ko‘rish mumkin. Ayolning so‘zlariga ko‘ra, uning o‘g‘li sayr vaqtida ularni ko‘rsatgan.

Videodan lavha.

Video bilan birgalikda e’lon qilingan fotosuratlarda esa Bo‘z mahallasidagi «Lafarga» qabristoni yaqinida (2-sonli bolalar kasalxonasi yonida, Qurolli Kuchlar muzeyining orqa tomonida) ekskavatorlar ishlayotgani aks etgan. Keyinchalik eski Mulla Qosim masjidi o‘rnida yangisini qurish boshlangani ma’lum bo‘ldi.

MTT va qabriston joylashuvi xaritada.

«TCHSJ i kak s nim jit? (Uzbekistan)» («UJMSH va ular bilan qanday yashash kerak? (O‘zbekiston») guruhi administratori Maksim Chernikov 29 yanvar kuni kechqurun qabriston hududiga bordi. U e’lon qilgan videoyozuvda bevosita qabrlarga yaqin joyda tuproq ishlari olib borilgani ko‘rinib turibdi.

Toshkent hokimiyati izohi

Shahar ma’muriyat matbuot xizmati MTT oldidagi joy va qabristonga tashrif buyurib, videoreportaj e’lon qildi. Unda mahalla raisi Shuhrat G‘oziyev tuproqni «karerdan» olib chiqish uning qarori bo‘lgani, unda suyaklar bo‘lmasligi kerakligini va bu yerga qanday kelib qolganini tushunmayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tuproq mazkur hududni obodonlashtirish va bahorda gul ekish uchun kerak edi.

MTT mudirasi Dilfuza Hamroyeva tuproq ilgari garajlar buzilgan maydonni tekislash uchun foydalanilishini ma’lum qildi. Tuproq olib kelingan tepalik uyumi avvaliga belkuraklar yordamida, keyin ekskvator cho‘michi bilan qazilgan, bu yerda suyaklar aniqlanmagan.

Hodisa joyidagi vaziyat

«Gazeta.uz» muxbiri Shuhrat Latipov 30 yanvar kuni qabriston hududiga borib, u yerda bo‘layotganlarga aniqlik kiritishga harakat qildi.

11:00 atrofida qurilish ishlari olib borilayotgan hudud atrofiga metal to‘siqlar va loyiha haqidagi axborot tushirilgan yorliqni o‘rnatish boshlandi.

Masjid xodimi Zokir boboning aytishicha, hodisa Facebook orqali yoritilgach, «Lafarga» qabristoniga yaqinlari ko‘milgan juda ko‘p odamlar kelgan. Ular qurilish ishlari qabrlarga zarar yetkazishi mumkinligidan xavotirda edilar.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qabriston 2,5 oy oldin yana qaytadan ochilgan. U 2009 yil 25 sentyabrdan beri Toshkentning sobiq hokimi Abduqaxxor To‘xtayevning (hozirda Shayxontohur tumani hokimi) qarori bilan odamlarni dafn etish to‘xtatilgan paytdan beri ishlamagan. Qabriston xizmatlaridan sakkizta — Bo‘z, Elobod, Turon, Alpomish, Buyuk ipak yo‘li, Olmachi, Podshobog‘ va Sayram mahallalari aholisi foydalangan.

«Bu juda eski qabriston. Ilgari u hozirgi Makro supermarketi joylashgan yergacha, bir tomoni esa Mediapark savdo markazigacha borardi. Toshkent zilzilasidan keyin (1966) bu yerda ikki tomonda turar-joy binolari, kasalxona qurildi, Mudofaa vazirligi o‘zi uchun garaj va muzey qurdi. Qabriston 10 yil davomida yopiq turdi, biz uni 2,5 oy oldin ochganmiz», — dedi u.

Zokir boboning aytishicha, qabriston yaqinidagi qurilish ishlari yangi masjid bunyod etilayotgani bilan bog‘liq. U buzilgan eski masjid o‘rnida joylashgan bo‘lib, hozirgi namoz o‘qiladigan yopiq ayvon, yo‘lak, oshxona va bir nechta binolarni qamrab oladi. Qurilish qabrlar joylashgan hududga bevosita ta’sir qilmaydi.

Masjid xodimi mahalla raisi buzilgan garajlar joylashgan joyni tekislash uchun bir oz tuproq olib ketganini tan oldi.

Uning fikricha, fotosurat va videolarda ko‘rinadigan suyaklar odamlarga tegishli emas. «Agar u odam qoldiqlari bo‘lganida edi, bitta suyak emas, balki bir nechta bo‘lar edi. Va nega ular yuzada bo‘lib, tuproqqa ko‘milmagan?», — deb so‘radi u.

Qabristonga teginilmaydi

Vaziyatga oydinlik kiritish uchun ular Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkatbek Irgashev, Toshkent shahar hokimining jamoatchilik va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Alimardon Qarshiyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi (O‘MI) raisining birinchi o‘rinbosari Xomidjon Ishmatbekov, Toshkent bosh imom-xatibi Nuriddin Xoliqnazarov va O‘MI masjidlar bo‘limi boshlig‘i Muhammadnazar Qayumov (suratda — chapdan o‘ngga) hodisa joyiga keldi.

Nuriddin Xoliqnazarov eski masjid avariya holatida bo‘lganini ta’kidladi.

«Masjid binosida yoriqlar aniqlandi… Axir u yerda odamlar namoz o‘qiydi, jamoatchilik ichkariga kiradi… Biz o‘zimizcha masjid yangilansa yomon bo‘lmas edi, deb o‘yladik, ammo bu yerda aholi va oqsoqollar tashabbus ko‘rsatib chiqishdi. Masjid eski masjid o‘rnida, qabriston chegarasidan o‘tmasdan qurilmoqda», — dedi Toshkent shahar bosh imom xatibi.

«Agar qurilish ishlari va qazish ishlari paytida suyaklar tasodifan paydo bo‘lsa, ularni hurmat va ehtirom bilan dafn qilishadi. Ammo bunday holatlar bo‘lmadi, mana guvohlar juda ko‘p. Bundan tashqari, qabristonning o‘zida hech qanday ish qilinmagan», — deya ta’kidladi u.

Xomidjon Ishmatbekovning so‘zlariga ko‘ra, qurilish paytida hech qanday suyak yoki odam qoldiqlari topilmagan. Shuningdek, u suyaklar topilgan bo‘lsa, marhumga hurmat va ehtirom bilan qayta ko‘milishi kerakligini qo‘shimcha qildi.

«Hamma joyda qabristonlar bor. 50−100 yil oldin faoliyati to‘xtatilgan qabristonlar mavjud. Agar zarurat tug‘ilsa, yo‘l ochish, yirik inshoot qurish kerak bo‘lsa, qabrlar boshqa qabristonlarga ko‘chirildi — bunday holatlar bo‘lgan, [jarayon] kitoblarda keltirilgan. Shariatga ko‘ra, qabrlarni ko‘chirishga ruxsat berilgan. Ammo qabriston ishlamasligi kerak. Agar u faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa va odamlar dafn etilayotgan bo‘lsa, u holda unga teginilmaydi. „Lafarga“ qabristoni bugungi kunda faoliyat ko‘rsatmoqda, shuning uchun unga teginilmaydi. Shuni hisobga olib, masjid o‘z o‘rnida barpo etilmoqda», — deya tushuntirdi O‘MI raisining birinchi o‘rinbosari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalla aholisi qurilish haqida avvaldan xabardor qilingan.

«Gazeta.uz» muxbiri bir necha soat davomida qabristonda bo‘ldi va marhumlarning qarindoshlari bu yerga kelib, qabrlarning yaxlitligini tekshirayotganiga guvoh bo‘ldi. Hech kim qabr toshlari vayron bo‘lgani haqida xabar bermadi.

Ba’zi fuqarolarning aytishicha, yangi masjid qurilishi rejalashtirilgan tozalangan hududda ilgari qabrlar bo‘lgan. Boshqa tashrif buyuruvchilar esa hech qanday qabrlar bo‘lmaganini ta’kidlashdi.

Google Earth sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvir.

Google Earth tasvirlari 2018 yil 27 fevraldan 2019 yil 10 maygacha bo‘sh bo‘lgan hududda qabriston yo‘qligini ko‘rsatmoqda.

Masjid ma’muriyati tomonidan taqdim etilgan 2019 yil 28 oktyabrdagi videoda yangi bino qurilishi boshlanishidan oldingi holat aks etgan. Ularga ko‘ra, ishlar qabriston hududiga ta’sir qilmaydi, ammo qabrlarga juda yaqin joyda, shu jumladan, Afg‘onistondagi harbiy operatsiyalarda halok bo‘lgan askarlarning qabrlari yonida amalga oshirilmoqda.

Tuproq ishlari olib borilayotgan joy bilan qabrlar orasiga demontaj qilingan to‘siqlar qo‘yilgan.

Yangi masjid qanday bo‘ladi?

O‘MI masjidlar bo‘limi boshlig‘i Muhammadnazar Qayumovning ma’lum qilishicha, yangi Mulla Qosim masjidi 2500 kishiga mo‘ljallangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, binolar hajmi kichik bo‘lgani tufayli minglab namozxonlar ko‘chada qolishgan.

U loyihani yil oxiriga qadar homiylik hisobidan va hashar orqali yakunlash rejalashtirilganini xabar qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda Toshkent shahridagi 13 ta, butun respublika bo‘yicha 151 masjidda rekonstruksiya va qurilish ishlari olib borilmoqda. O‘zbekistonda jami 2066 masjid faoliyat ko‘rsatmoqda.

Suyaklar taqdiri nima bo‘ldi?

«Maktub Tabassum» uy-joy mulkdorlari shirkati raisi Stella Nigmatulinaning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, suyaklar topilgach, yaqin atrofdagi shifer ostida yashirilgan. Ammo hokimiyat vakillari bu yerga tashrif buyurganida, ular yo‘q edi.

Ayol suyaklar videosini e’lon qilgan Olga Medvedeva bilan birgalikda uchinchi suyakni ekspertizadan o‘tkazish uchun Mirzo Ulug‘bek tuman ichki ishlar bo‘limiga borgan.

«Bizda zaxira bor edi — uchinchi suyak. Biz uni e’lon qilmagan edik. Chunki, baribir, shunday bo‘lishini bilgandik», — dedi Olga Medvedeva.

Tergovchilar bilan birgalikda ayollar ikkita joydan — 451- MTT va qabristondan namunalar olish uchun yana voqea joyiga borishdi.

«Tergovchi ekspertiza qaysi kunga tayinlanishini xabar qilishini aytdi. Biz ikkimizdan birimiz qatnashishi kerak, dedik», — dedi Stella Nigmatulina.