30 yanvar kuni prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligida (LBMA) O‘zbekiston-Koreya Elektron hukumati va raqamli iqtisodiyot hamkorlik markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi LBMA matbuot xizmati.

Tadbirda agentlik direktori Dmitriy Li hamda Koreya Respublikasi Davlat boshqaruvi va xavfsizligi vaziri o‘rinbosari Yun Djon In boshchiligidagi Koreya Respublikasi delegatsiyasi ishtirok etishdi.

Koreya tomonidan “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirishda ishtirok etish uchun koreyalik ekspertlari jalb etilishi, Koreyada Agentlik va boshqa davlat organlari mutaxassislari uchun qisqa va uzoq muddatli o‘quv kurslarini tashkil qilishga tayyor ekanliklari ta’kidlab o‘tildi.

O‘zbekiston-Koreya Elektron hukumati va raqamli iqtisodiyot hamkorlik markazining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • “Elektron hukumat” tizimini tahlillar va tadqiqodlar asosida keyinchalik rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha strategik yo‘nalishlarni ishlab chiqish;
  • elektron hukumat tizimlari, raqamlashtirish bo‘yicha loyihalar va raqamli iqtisodiyotni takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar va axborot tizimlarini joriy etishni muvofiqlashtirish;
  • elektron hukumatni rivojlantirish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan marketing va innovatsion tadqiqodlar o‘tkazish;
  • raqamli iqtisodiyotni boshqarish sohasidagi vakolatlarni rivojlantirish uchun uslubiy asoslarni yaratish, shuningdek, elektron tijorat sohasida tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
  • davlat boshqaruvida elektron platformalar va elektron hukumat texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish, shuningdek, innovatsion raqamli texnologiyalarni tajriba asosida joriy etish va ularni O‘zbekiston Respublikasida keng targ‘ib etish bo‘yicha tavsiyalar tayyorlash;
  • mavjud jarayonlarni o‘rganish va tahlil qilish, shuningdek funksional va operatsion jarayonlarni tizimli optimallashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish.

Ochilish marosimi doirasida, Koreya Respublikasi delegatsiyasi, Agentlik rahbariyati va Agentlik qoshidagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi ishtirokida, elektron hukumat sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha o‘zbek-koreya Kengashi a’zolarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida tomonlar 2019 yilda elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot sohalaridagi o‘zaro hamkorlik natijalarini muhokama qildilar. Uchrashuv natijasida yangi axborot texnologiyalarini joriy qilish, o‘quv dasturlarini tashkil etish va elektron hukumat sohasida tajriba almashish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi reja va maqsadlar belgilab olindi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 17 dekabr kuni Sejong shahrida (Koreya Respublikasi) LBMA hamda Koreya Respublikasi Davlat boshqaruvi va xavfsizligi vazirligi o‘rtasida, hamkorlikdagi Markazni tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolangan edi. Mazkur Bitimga muvofiq Markaz loyihalarini amalga oshirish uchun 3 yil muddatga 2 million AQSH dollari miqdorida grant ajratilishi belgilangan.