O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 yanvar kuni chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq 2020−2022 yillarda:

  • respublika hududida faoliyat yuritayotgan naslchilik xo‘jaliklaridan sotib olingan nasldor qoramolning har bir boshiga 1 million so‘m miqdorida;
  • xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramolning har bir boshiga 2 million so‘m, nasldor qo‘y va echkining har bir boshiga 400 ming so‘m miqdorida;

«O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasiga a’zo bo‘lgan intensiv usulda baliq yetishtiruvchi xo‘jaliklarga davlat tomonidan quyidagi tartibda subsidiya ajratiladi:

intensiv usulda yetishtirilgan bir tonna baliq mahsuloti uchun 1 million so‘m miqdorida;

O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qilingan 1 dona nasldor ona baliqning 3,5 million so‘mgacha bo‘lgan xarajatlarining 50 foizi miqdorida;

«Parrandasanoat» uyushmasiga a’zo bo‘lgan parrandachilik xo‘jaliklariga har bir bosh 1 kunlik nasldor jo‘jani import qilish bilan bog‘liq xarajatlarning 9 ming so‘mini qoplash uchun davlat tomonidan subsidiya ajratiladi.

2020 yilda sotib olinadigan nasldor qoramollar uchun ajratiladigan subsidiyaning umumiy summasi respublika hududida faoliyat yuritayotgan naslchilik xo‘jaliklaridan sotib olish uchun 10 milliard so‘m miqdorida, xorijiy davlatlardan import qilish uchun 40 milliard so‘m miqdorida, qo‘y va echkilarni import qilish uchun ajratiladigan subsidiyaning umumiy summasi 6 milliard so‘m miqdorida belgilandi.

Qaror bilan Chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish Respublika kengashini tuzish belgilandi. Chorvachilik sohasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash sanoati korxonalari hamda chorvachilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlarining o‘zaro hamkorligini ta’minlash mazkur kengashning asosiy vazifasi etib belgilandi.

O‘zbekiston Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligiga chorvachilik sohasini rivojlantirish strategiyasini, shu jumladan, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarini ishlab chiqish uchun mustaqil konsalting kompaniyalarini o‘rnatilgan tartibda jalb qilgan holda takliflar ishlab chiqish va 1 iyulga qadar O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasiga ko‘rib chiqish uchun kiritish topshirildi.