O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tuman IIB xodimlari tomonidan uch erkakning kaltaklanishi va ulardan birining vafot etishi yuzasidan izoh berdi. Xabarda mamlakatda har qanday ko‘rinishdagi jinoyatlarga nisbatan murosa qilib bo‘lmasligi ta’kidlandi.

«Gazeta.uz» Daryo nashriga tayanib mol o‘g‘irligida gumonlanayotgan 32 yoshli Yu. A.ning IIB xodimlari tomonidan kaltaklab o‘ldirilishi hodisasini yopti-yopti qilishga uringani haqida yozgan edi. Halok bo‘lgan fuqarodan tashqari, ota-o‘g‘il Qurbon Ostonoyev va Bahrom Aliqulov ham shafqatsiz ravishda kaltaklangan. Ulardan kaltaklanganini aytmaslikni so‘rab, buning uchun rozi qilinishiga va’da berishgan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, IIB xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi (mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘ladigan darajada qasddan badanga shikast yetkazish), 235-moddasi 3-qismi (Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) bilan bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Jinoyat ishi doirasida ikki nafar IIB xodimi qamoqqa olingan. Tergov harakatlari O‘zbekiston Bosh prokuraturasi nazorati ostiga olingan.

Ichki ishlar vazirligiga ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat vizifalari qonun asosida bajarilishini tashkil qilish, huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik chora-tadbirlarini kuchaytirish topshirildi.