Xo‘jayli tuman ma’muriy sudi 2019 yilgi paxta yig‘im-terim mavsumida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan deb topilgan va ma’muriy jarimaga tortilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanidagi 7-, 8-, 9- va 31-sonli umumta’lim maktab direktorlariga tayinlangan jazoni bekor qildi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi xabar qildi.

Qayd etilishicha, xalq ta’limi vazirining nazorat-huquqiy xizmati tomonidan mazkur ish o‘rganilib chiqilgan va mehnat-huquq inspektorlari shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yganliklari aniqlangan.

Mehnat-huquq inspektorlari ma’lumotlarni qanchalik majburiy mehnatga taalluqliligini o‘rganmasdan, majburiy mehnat ro‘y bermagan holatlar yuzasidan bayonnomalar rasmiylashtirib, O‘zbekiston MJtKning 51-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy javobgarlikka tortish haqida asossiz qarorlar qabul qilgan.

Xo‘jayli tumanidagi 7-, 8-, 9- va 31-sonli umumta’lim maktab direktorlari mehnat inspektorlari L.Q. va J.K. ularga nisbatan eng kam oylik ish haqining o‘n baravari miqdorida ma’muriy jarimaga tortish haqidagi qarorlaridan norozi bo‘lib, Xo‘jayli tumani ma’muriy sudiga murojaat qilgan.

Xo‘jayli tumani ma’muriy sudi mazkur murojaatni 2019 yil 3 dekabr kuni ko‘rib chiqqan va inspektorlar tomonidan chiqarilgan qarorlarni bekor qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 2019 yil paxta yig‘im-terim mavsumi davomida majburiy mehnatga yo‘l qo‘yganligi sababli ma’muriy jarimaga tortilgan shaxslar ro‘yxatini e’lon qilgan edi. Unda jami 43 nafar mansabdor shaxsning ism-shariflari keltirilgan.