2017 yil yozidan buyon Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan polkovnik Samad Turdiyev payshanba kuni iste’foga chiqdi.

Kun.uz nashrining xabar qilishicha, u Chiroqchida IIB xodimlari tomonidan jinoyatda gumon qilinayotgan shaxs o‘lgunicha kaltaklangani ortidan o‘z xohishi bilan vazifasidan bo‘shagan. Bu haqda viloyat IIBda bo‘lib o‘tgan brifingda ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov (suratda — o‘ngda) ma’lum qilgan.

Brifing shov-shuvli ish bo‘yicha tergov jarayoni haqida jamoatchilikni xabardor qilish uchun tashkil etildi. «Gazeta.uz» Daryo nashriga tayanib mol o‘g‘irligida gumonlanayotgan 32 yoshli Yu. A.ning IIB xodimlari tomonidan kaltaklab o‘ldirilishi hodisasini yopti-yopti qilishga uringani haqida yozgan edi. Halok bo‘lgan fuqarodan tashqari, ota-o‘g‘il Qurbon Ostonoyev va Bahrom Aliqulov ham shafqatsiz ravishda kaltaklangan. Ulardan kaltaklanganini aytmaslikni so‘rab, buning uchun rozi qilinishiga va’da berishgan.

Shohrux G‘iyasov o‘z nutqida ushbu ish ichki ishlar vazirining nazorati ostida ekanligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, voqeadan bir kun o‘tib, ichki ishlar vazirligi vakillari tekshiruv o‘tkazish uchun viloyatga yetib borgan va tekshirish boshlangan.

U oldindan tekshirmasdan turib baholamaslikni so‘radi, biroq Chiroqchi tumanidagi bo‘limda juda ham ko‘p kamchiliklar aniqlanayotganini tan oldi.

Avvalroq Chiroqchi tuman IIB xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi (mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘ladigan darajada qasddan badanga shikast yetkazish), 235-moddasi 3-qismi (Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) bilan bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgani haqida xabar qilgan edik.

Jinoyat ishi doirasida ikki nafar IIB xodimi qamoqqa olingan. Tergov harakatlari O‘zbekiston Bosh prokuraturasi nazorati ostiga olingan.