Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 yanvar kuni transport tizimini samarali tashkil etish borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Fuqaro aviatsiyasi sohasidagi holat ham tanqid qilindi. Milliy aviakompaniya negizida tashkil etilgan Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports aksiyadorlik jamiyatlari mustaqil tashkilotlar sifatida faoliyatini to‘liq yo‘lga qo‘ymagani sababli islohotlar natijasi ko‘rinmayapti, deya qayd etdi prezident.

Shuningdek, o‘tgan yili 4 ta aeroportda «ochiq osmon» rejimi joriy etilib, «beshinchi havo erkinligi» o‘rnatilgan edi. Ammo hanuzgacha bironta ham xorijiy aviakompaniya jalb qilinmadi. Bu holat yo‘lovchilarning asosli e’tirozlariga, boshqa xorijiy aviakompaniyalar xizmatidan foydalanishiga sabab bo‘lmoqda.

Shu bois, Jahon bankining tavsiyalari asosida sohada olib borilayotgan islohotlarni to‘liq yakuniga yetkazish va raqobat muhitini yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Navoiy va Termiz xalqaro aeroportlarini yuk tashish xabiga aylantirish maqsadida «ochiq osmon» rejimini joriy etib, xorijiy yuk tashuvchi aviakompaniyalarni keng jalb qilish vazifasi belgilandi.

Yangi aviakompaniyalar faoliyati uchun sharoit yaratish va parvozlar geografiyasini yanada kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Avtomobil va jamoat transporti sohasida ham muayyan kamchiliklar bor.

Aholiga qulay va sifatli avtotransport xizmati ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida yo‘nalishlar uchun ochiq tenderlar o‘tkazish, jamoat transportiga oid tarif va tartiblarni qayta ko‘rib chiqib, raqamlashtirish lozimligi qayd etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda avtomobil yo‘llarining holatini yaxshilash masalasiga ham to‘xtalib, xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, tez fursatlarda Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Transport vazirligi huzuridagi nazorat organlarining ish uslubi eskicha ekani ko‘rsatilib, ularning faoliyatini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Xuddi shu kuni turizmga bag‘ishlab o‘tkazilgan boshqa bir yig‘ilishda davlat rahbari samolyot va poyezdlarda xizmat ko‘rsatish sifati pastligi, chiptalar narxi esa qimmatligi yo‘lovchilarning asosli e’tirozlariga sabab bo‘layotganini ta’kidladi. Oqibatda ko‘pchilik xorijiy tashuvchilar xizmatini tanlamoqda. Temir yo‘l va avia yo‘nalishlarimiz keng qamrovli va raqobatbardosh emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Transport vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga O‘zbekistonning 4 aeroportida joriy etilgan «ochiq osmon» rejimidan to‘liq foydalanish, yangi avia yo‘nalishlar ochish, tezyurar poyezdlar sonini ko‘paytirish, chiptalar narxini arzonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yo‘lbo‘yi turizm infratuzilmasini rivojlantirish, «turizm qishlog‘i», «turizm ovuli» va «turizm mahallasi» loyihalarini amalga oshirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.