O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 yanvar kuni Tashkent Pharma Park innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Qarorga muvofiq, klaster Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashib, u o‘z ichiga Farmatsevtika texnik universiteti va innovatsion dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan sanoat zonasini qamrab oladi.

Klasterni tashkil etishdan maqsad respublikaning farmatsevtika tarmog‘ini quyidagi uch yo‘nalishda rivojlantirish hisoblanadi: farmatsevtika fanini rivojlantirish; farmatsevtikada ta’lim tizimini takomillashtirish; chuqur ilm talab qiladigan va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil qilish, xabar qildi Adliya vazirligi.

Yangi tashkil etiladigan universitet dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ishlab chiqarish, kosmetologiya, tarmoq va biznesni boshqarish sohalarida xalqaro ta’lim standartlariga muvofiq malakali kadrlar tayyorlashi nazarda tutilmoqda.