O‘zbekistonda pensiya ta’minoti solidar tizimda ishlaydi: ayni paytda ishlayotganlar hisobidan pensiya yoshiga chiqqanlar uchun pul to‘lanadi. Ammo tizim bosqichma-bosqich o‘zgarishi kutilmoqda, dedi Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori birinchi o‘rinbosari Medet Tleuov U bu haqda 28 yanvar kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Medet Tleuovning aytishicha, mamlakatda qariyb 15 million iqtisodiy faol fuqarolar bo‘lib, ularning faqat 5 millionga yaqin qismi soliqlarni rasman to‘lamoqda, ya’ni daromadlarini shaffof ko‘rsatadi. Shu tufayli pensiya ta’minoti tizimi aynan bugun soliq to‘lovchilar quvvatiga chambarchas bog‘langan.

Matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan pensiya ta’minotiga oid savollar berildi. Ulardan biri tizimni qayta ko‘rib chiqish masalasi haqida bo‘ldi.

Pensiya jamg‘armasi raxbariyati vakilining ta’kidlashicha, O‘zbekistonda davlat pensiya ta’minoti uch pog‘onali tizimga almashtirilishi kutilmoqda.

«Pensiya siyosati faqat bir pensiya tizimiga asoslanib qolmasligi kerak. Shu sababli, taraqqiy etgan mamlakatlarda har ikkala tizimdan foydalanishga asoslangan uch pog‘onali pensiya tizimi shakllandi: davlat pensiyasi, jamg‘arib boriladigan pensiya hamda ixtiyoriy pensiyaviy sug‘urtalash», — dedi u.

Foto: «Gazeta.uz».

«Gazeta.uz» bilan gaplashgan hukumatdagi manbaning ta’kidicha, mamlakatda pensiya yoshini oshirishdan boshqa iloj yo‘q, ammo bu tadrijiy bo‘ladi.

«Erkaklarga 62, ayollarga 58 yoshni pensiyaga chiqish davri etib belgilash ko‘zda tutilmoqda. Ammo o‘zgarish birdan barchaga tatbiq etilmaydi. U bosqichma-bosqich, aholining ijtimoiy himoyasini o‘ylab, tadrijiy amalga oshiriladi», — deydi manba.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston давлат pensiya tizimini rivojlantirish va yangilash bo‘yicha konsepsiya loyihasi shu yilning aprel oyiga qadar e’lon qilinishi kutilmoqda.