28 yanvar kuni Farg‘ona shahridagi 2-oilaviy poliklinikada tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish holati yuz berdi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Dastlabki o‘rganishlardan ma’lum bo‘lishicha, voqea ultratovush tekshiruvi (UTT) o‘tkaziladigan xonada yuz bergan. Ultratovush tekshiruvi o‘tkazuvchi shifokor Mashhura Toshmatova va unga biriktirilgan hamshira Matluba Ma’murova odatdagidek bemorlarni navbat bilan qabul qilishayotgan bo‘lgan.

Mashhura Toshmatovaning ma’lum qilishicha, u navbati kelgan qizdan yosh bolali onani navbatsiz tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni so‘raydi. Qiz taklifga rozi bo‘lmagach, unga bir oz nasihat qiladi. Tekshiruvdan o‘tgan qiz ko‘p o‘tmay xonaga onasini yetaklab keladi va tibbiyot xodimlarini haqorat qilib, qo‘l va oyoqlari bilan ularga tan jarohatlari yetkazadi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Yuzi qonga belanib, hushidan ketgan hamshiraga birinchi yordam ko‘rsatilib, og‘ir holatda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialiga olib boriladi.

Bemorga «Yopiq kalla miya jarohati, bosh miya chayqalishi, burun suyagi sinishi, burundan qon ketishi» tashxisi qo‘yilib, u neyroxirurgiya bo‘limiga statsionar davolanish uchun yotqizildi. Hozirda malakali shifokorlar tomonidan bemorga zarur davo muolajalari amalga oshirilmoqda.

Hudud profilaktika inspektori, leytenant Abduvali Qo‘chqorovning ma’lum qilishicha, hozirda mazkur holat bo‘yicha zarur hujjatlar yuritilib, dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

SSVning qayd etishicha, janjalkash ona-bola tomonidan o‘tgan yil 18 yanvar kuni ham Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali 3-tez tibbiy yordami podstansiyasi hamshirasi Dilafro‘z Bozorovani ham sababsiz haqorat qilgan. Hamshira ularning tahdidan arang qochib qutilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda tibbiyot xodimlarining bemorlar va ularning yaqinlari tomonidan kaltaklanishi va haqoratlanishi tez-tez sodir bo‘lib turadi. Jumladan, joriy yilning 5 yanvar kuni Surxondaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida tibbiyot xodimi bemorning buvisi tomonidan kaltaklanib, haqorat qilingan bo‘lsa, 2 yanvar kuni Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida bemorning tog‘asi shifokorning yuziga musht tushirishi oqibatida tibbiyot xodimining bir ko‘zi butunlay ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan edi.

Shu munosabat bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan qonunchilikka tibbiyot xodimlariga nisbatan uyushtirilgan suiqasdlar va tajovuzlar uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha o‘zgartishlar kiritish taklif etilmoqda. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 yanvar kuni Oliy Majlis palatalariga murojaatnomasida ham tibbiyot xodimlari obro‘sini oshirishga alohida to‘xtalib, bu kabi holatlar mentalitetga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligi, buni hech narsa bilan oqlab bo‘lmasligini ta’kidladi hamda shifokorlarning maqomi va obro‘sini oshirish shartligiga urg‘u berdi.