Xitoy hukumati hozirda yangi turdagi koronovirus tarqalgan Uxan shahridan chet el fuqarolarini evakuatsiya qilish masalasini ko‘rib chiqmayotganini e’lon qildi. Bu haqda O‘zbekiston TIV mamlakatning Pekindagi elchixonasiga tayanib xabar qildi.

27 yanvar kuni Xitoy TIVda bo‘lib o‘tgan brifingda Xitoy chet el fuqarolarining o‘z hududidagi xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha barcha xalqaro majburiyatlarni bajarishi e’lon qilingan.

Vazirlik va idoralar, shuningdek provinsiya va shaharlarning rasmiy idoralari chet el diplomatik missiyalariga ularning Uxan shahri va Xitoyning boshqa shaharlarida muammoga duch kelgan fuqalarolari xavfsizligini ta’minlash borasida har qanday ko‘makni ko‘rsatishga tayyor.

«Hozirda Uxan shahri mamlakatning boshqa shaharlariga qaraganda xavfsizroq. Chunki u yerga eng yaxshi mutaxassislar, eng ilg‘or qurilma va texnologiyalar safarbar qilingan», — deya ishonch bildirdi Xitoy TIV.

Brifingda xotirjamlikni saqlash zarurligi, sarosimaga tushish virusning o‘zidan ham kuchliroq tahdid bo‘lishi mumkinligi, Xitoy bugungacha vujudga kelgan barcha keng ko‘lamli epidemiyalarni bartaraf etgan, koronavirusni ham yengishi ta’kidlangan.

Elchixona yana bir bor yanvar oyida Uxandan vatanga qaytib kelgan o‘zbekistonlik talabalarni zudlik bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan +998909882330 (direktor o‘rinbosari B.Qurbonov), +998972755074 (bosh mutaxassis F.Qurbonbekov) telefon raqamlari orqali bog‘lanishni qat’iy tavsiya qildi.

Tashqi ishlar vazirligi Xitoy hududidagi O‘zbekiston fuqarolariga zarur holatlarda istalgan vaqtda mamlakatimizning Pekin shahridagi Elchixonasiga +86 135 1102−4242 (Bobur Yaxyayev), +86 139 1175−4476 (Shuxrat Umirov) telefon raqamlari orqali hamda Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasiga +86 131 2255−5772 (Aziz Ulug‘bekov) telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tdi.