Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning «Aytingchi…» loyihasiga bergan intervyusida O‘zbekistonning ikki prezidenti — Islom Karimov va Shavkat Mirziyoyevning siyosatini taqqosladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning birinchi prezidenti Islom Karimov juda talabchan rahbar edi.

«Marhum Islom Abdug‘aniyevich bilan bevosita ko‘p yillar muloqotda bo‘ldik, ishladik, viloyatda rahbar bo‘ldim, shaharda rahbar bo‘ldim. O‘rganadigan taraflari juda ko‘p edi. Sababi, talabchanlik nuqtai nazaridan, berilgan topshiriqqa munosabati, kadrlarga baho berish… Ko‘zingizga qarab aldayaptimi, yo‘qmi — bilib olar edi. Va keyingi masala, gaplashib, suhbat qilganda, falon lavozimdagi bilan nimaga bunday xatoliklarga yo‘l qo‘yildi, nima uchun bunday bo‘ldi, mana shu joyning qayerida oqsoqlik bor, degan narsani so‘rashi ko‘p bo‘lar edi», — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev pastdagi holatgacha tubdan yaxshi biladi deya qayd etdi Qashqadaryo hokimi.

«Endi bugungi (prezident) muhtaram Shavkat Miromonovich bilan ishlaganimizda, u kishi eng pastdagi holatgacha tubdan yaxshi biladi. Tasavvur bor. Hali qanchalik darajada o‘zgarganimizni ham juda yaxshi biladi. Shu nuqtai nazardan berilayotgan topshiriq aynan muammoning yechimiga qaratilgan», — dedi Zoyir Mirzayev.

«Ikkinchi masala — ochiqlik. To‘g‘risini aytish kerak, ilgari ham qaysidir ma’noda ochiqlik bo‘lgan. Siz bugun tanqid bilan chiqdingizmi, keyin siz ishlamaysiz. Ishlashga haqqingiz ham yo‘q. Ikkita tanqidni tasavvur ham qilmang. Bunday tarmoqlar, ommaviy axborot vositalarining qaysi birida bo‘lishidan qat’i nazar. Ilgari hammasi davlat tasarrufida bo‘lgan. Tanqidlar bo‘lardi, lekin pastga tushib, hokim bir o‘ziku, o‘zi eplay olmaydi, qaysidir vazir, qaysidir yuqorida Toshkentda ishlayotganlar yordam bersin, degan narsa kamdan-kam holatda bo‘lgan», — deya ta’kidladi hokim.

Hozir ko‘z oldingizga keltirsangiz, bugun bu vazir kelibdi, falon joyda qabul qilibdi, bosh prokuror, ichki ishlar vaziri, hattoki maslahatchilar, bosh vazir o‘rinbosarlari qabul qilibdi, degan narsa, sayyor qabullar — o‘rganib qoldik biz. Lekin, vaholanki bu yangilanishku, yangilik bu narsa.

Zoyir Mirzayev qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalar mavzusiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Qo‘shnilar bilan munosabatni ham misol qilish mumkin. Biz hattoki o‘sha jarayonlarning boshida men bosh vazir o‘rinbosari sifatida ayrim davlatlarga borganimda, bizda shu darajada ochiqlik bo‘layapti, chegaralar ochilayapti, deganimizda ular ishonishmagan. Sababi 20 yildan ziyod vaqtda biz yopiq bo‘lganmiz. Baribir O‘zbekiston ochilmaydi, degan narsa bo‘lgan. Xo‘p deyishardiyu, sendan oldingilar ham shunday degandi, deganday ishonmagan holatlar bo‘lgan», — dedi u.

Hokim sifatida prezident bilan muloqotdan ancha yiroq bo‘lganini ta’kidlab o‘tdi.

«Hokim sifatida… dardingizni aytish masalasi. Muloqotdan ancha (yiroq) bo‘lganmiz. Bu ham rost. Siyosatni qoralash emas, lekin hokim sifatida qo‘lingiz, kuchingiz yetmaganini aytish, pirovardida xalqning og‘irini yengil qilish, xalqning muammosi turganini aytish… Mayli, sizga og‘ir bo‘lar, sizga qattiq zarba bo‘lib qaytib kelar. Lekin siz bir martaga: «mening qo‘limdan kelmayapti. Aholi mana shundan norozi, deb aytishingiz kerak ediku. Bugun biz ayta olamiz», — dedi hokim.

Xushnudbek Xudoyberdiyev hokimlarning prezident bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa bor-yo‘qligini so‘radi. Zoyir Mirzayevning ta’kidlashicha, ular ijrochi sifatida avval Vazirlar Mahkamasiga murojaat qilishadi.

«Ikkinchidan, bir oyda kamida ikki yoki uch marta aynan prezident raisligida videoselektorlar o‘tkaziladi. Bizdan farmonlar to‘g‘risida ochiq so‘rashadi. Masalan, oxirgi marta meva-sabzovotchilikni rivojlantirish to‘g‘risidagi farmon muhokama qilindi. Bir hafta oldin viloyatning har bir hokimi qaror loyihasini oldik, o‘rgandik. So‘ralayapti: „Qanday fikrlaringiz bor? Hokim sifatida qanday fikringiz, qanday taklifingiz bor?“ Juda ko‘p takliflar bo‘ldi. Shaxsan o‘zlari so‘rayaptilar. Qani, bu nima beradi? Pastdagi. Hattoki qo‘shimcha va o‘zgartishlar ham kiritildi. Xuddi shunday shaklda biz selektorda bevosita muloqotga chiqa olamiz», — dedi u.

Hokim videoselektor vaqtida masalaga tegishli bo‘lmagan boshqa mavzularga ham to‘xtalib o‘tish imkoniyati paydo bo‘lganini ta’kidladi.

«Prezident viloyatda ikki kun bo‘lganida, avtobusda yuradilar. O‘shanda oldida viloyat hokimi o‘tiradi. Bu ob’ektdan narigi ob’ektga borguncha bir yarim-ikki soatlik yo‘lda faqat hokim bilan muloqot qiladi. Qani gapiring, nima muammongiz bor, deb so‘raydi. Shoshilmasdan, batafsil eshitadilar. Oilaviy ahvoldan boshlab hammasigacha», — dedi Zoyir Mirzayev.

U yaqinda viloyat hokimi bo‘lganligi sababli u Shavkat Mirziyoyevdan hali ham shaxsiy qo‘ng‘iroqni qabul qilmaganligini bildirdi. Shu bilan birga, u Islom Karimov unga hech qachon qo‘ng‘iroq qilmaganini tan oldi.

«Yo‘q, bunday bo‘lmagan. Biz hozirgina Vazirlar Mahkamasi, bosh vazir bilan suhbatlashganmiz. Uning viloyatga tashrifi davomida? Ikki marta bo‘lgan. Mashinada ob’ektgacha 20−25 daqiqa yurganmiz. Chunki uzoq yurilmasdi u paytda. Muloqotda bo‘lganmiz, so‘raganlar, topshiriqlar olganmiz. Mashinada olib yurib aytgan vaqtlari ham bo‘lgan», — dedi u.

Avvalroq Zoyir Mirzayevning ariq voqeasi bo‘yicha ilk bor izoh bergani haqida yozgan edik. U bu voqeadan jiddiy xulosalar chiqargani hamda xatolari uchun javob berishi kerakligini tushunib yetganini ta’kidlagan edi.