O‘zbekistondagi manzil-koloniyalarda jazo muddatini o‘tayotgan 68 nafar mahkumga pensiya tayinlangan. Ushbu tartib 2019 yil 28 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq amalga oshirilgan, deb ma’lumot berdi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi apparati bo‘lim boshlig‘i Shuhrat Utaganov.

28 yanvar kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida manzil-koloniyalarda jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarga davlat pensiyani tayinlash ishlar hisoboti e’lon qilindi.

Qonunchilikdagi yangilikka binoan, «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonunining ayrim moddalariga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritilgan. Qonun bilan manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga nafaqat pensiya tayinlash, balki ozodlikdan mahrum qilingunga qadar to‘xtatilgan pensiya to‘lovini tiklash huquqi ham taqdim etildi.

Shuhrat Utaganovning aytishicha, respublikada mavjud 25ta manzil-koloniyada 300dan ortiq mahkumlar umumiy pensiya yoshiga to‘lgan. Ularning 70ga yaqini esa ozodlikdan mahrum etilgunga qadar biror bir turdagi davlat pensiyasini olib kelganlar hamda ozodlikdan mahrum etilganlaridan keyin ularning pensiya to‘lovi qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda to‘xtatilgan bo‘lgan.

Endilikda tartib o‘zgargan, shundan so‘ng murojaatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent viloyatlaridagi manzil-koloniyalardan kelib tushgan.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan davr mobaynida Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan 37 nafar manzil-koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan fuqarolarga pensiyalar tayinlangan bo‘lsa, 31 nafarining ilgari to‘xtatilgan pensiya to‘lovlari tiklab berilgan bo‘lib, shundan 5 nafari ayol kishini tashkil qiladi.

«Aslida 70ga yaqin shaxs biror turdagi davlat pensiyasini olib kelgan, manzil-koloniyalarda 300dan ortiq shaxs pensiya yoshiga yetganini aytmoqdamiz. Savol paydo bo‘ladi: nega hammaga pensiya tayinlanmadi (68 nafar mahkumga pensiya tayinlangani nazarda tutilmoqda — tahr.)? Gap shundaki, mahkumlarga pensiya tayinlash masalasida ish stajini tasdiqlash hamda mehnat daftarchasida ko‘chirma olish mushkul. Ularning ko‘pchiligi doimiy yashash joyidan uzoqda jazoni o‘taydi, bundan tashqari ish staji haqida ma’lumotni olish uchun idoralararo hujjat almashinuvi talab etiladi. Boshqa mahkumlarning arizasi shu asosda ko‘rib chiqilmoqda», — dedi bo‘lim boshlig‘i.

2019 yil Pensiya jamg‘armasida taqchillik yuzaga kelgandi. O‘shanda 4,7 trln so‘m jamg‘arma xarajatlari byudjetdan qoplangandi. 2020 yilda ham taqchillik paydo bo‘lgan: uning umumiy miqdori qariyb 8 trln so‘mni tashkil etadi.

Shuhrat Utaganovning aytishicha, manzil-koloniyadagi mahkumlarga davlat pensiyasini tayinlash jamg‘armaga katta moliyaviy qiyinchilik tug‘dirmaydi. Defitsit masalasi esa yana byudjetdan qoplanishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, 2011 yildan 2019 yilgacha O‘zbekistondagi pensionerlar soni 2,4 baravarga oshdi. 2019 yilda ular 339 ming kishiga ko‘paydi. Bunda rasman ish bilan band aholi — 4,76 million kishi, ular iqtisodiy jihatdan faol aholining 32,5 foizini tashkil etadi.