Chiroqchi tumanida o‘g‘rilikda gumonlangan 32 yoshli fuqaroni urib o‘ldirgan IIB xodimlari o‘z qilmishini yashirishga ham uringan. Bu haqda marhum Yu.A. bilan birga kaltaklangan ota-bola — Qurbon Ostonoyev hamda Bahrom Avliyoqulov Daryo nashriga ma’lum qildi.

Avvalroq 23 yanvar kuni soat 01:50 da Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining Langar qishlog‘ida sodir etilgan chorva mollarini o‘g‘irlashda gumon qilinib, tuman ichki ishlar bo‘limiga olib kelingan Yu. A. vafot etgani haqida xabar bergan edik.

Marhumning qarindoshlari u bozorda chorva mollarini olib-sotish bilan shug‘ullanganini aytishdi. Uning ukasi Shuxrat Abdurahmonov prokuratura vakillariga ma’lumotlariga tayangan holda qotillikda gumon qilinib ikki nafar ichki ishlar organlari xodimi hibsga olinganini ma’lum qildi.

Qashqadaryo viloyat prokuraturasi ushbu holat yuzasidan ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 206-moddasi («Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish») 1-qismi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Ular qamoqqa olindi.

Bahrom Avliyoqulovning Daryo nashriga ma’lum qilishicha, prokuratura voqeani so‘rab-surishtirishni boshlagach, IIB xodimlaridan biri otasi bilan bog‘langan.

«IIB xodimlaridan biri otamga „uchastkavoylaringni qutqarib qolsalaring, urgani yo‘q, deb yuborsalaring, rozi qiladi“ dedi», — deydi u.

Ayni paytda tuman shifoxonasida davolanayotgan ota-bolaning aytishicha, tuman IIB binosida vafot etgan marhum Yu.A. kaltaklanayotgan payt ular ham o‘sha yerda bo‘lgan. Ular ham IIB xodimlari tomonidan ayovsiz kaltaklangan.

Qurbon Ostonoyevning aytishicha, u 21 yanvar kuni kechki payt qishloq profilaktika inspektori tomonidan tuman IIBga olib borilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, xodimlar uni tilga olib bo‘lmas so‘zlar bilan so‘kib haqoratlagan va oyoq-qo‘li bilan bir necha marta zarbalar bergan.

Undan marhum Yu. A.dan mol sotib olgan-olmaganini so‘ragan. Ostonayev avval 4 bosh, keyin 2 bosh qoramol sotib olganini tasdiqlaydi. Huquqni muhofaza qilish organi xodimi esa tan jarohatlari yetkazishda davom etadi, deydi u.

Ma’lum qilinishicha, 21 yanvar kuni kechki payt soat 7−8 larda tuman IIBga olib borilgan Qurbon Ostonoyev 22 yanvar kuni ham so‘roq qilingan.

«22 yanvar kuni tong payti Anvar ismli xodim yana so‘roq qilishni boshladi: urdi, tepdi, — deydi Qurbon Ostonoyev.- Hatto pichoq ham tirashdi. Pichoq sopi bilan boshimga uravergach, pichoq sopi sindi. Ammo ularning qiynog‘i tugamadi».

Qurbon Ostonoyev. Foto: Daryo.uz.

Qurbon Ostonoyev voqeani eslashicha, uni marhum Yu.A. bilan yuzlashtirishgan.

«Yu.A.ni ko‘rganimda ahvoli juda yomon edi, yuzlari qorayib, shishib ketgandi, — deya marhumning ahvoli haqida eslaydi Q.Ostonoyev. — Aftidan, juda ko‘pchilik bo‘lib urishgan».

IIBga borgan Bahrom Avliyoqulov ham marhumni ko‘rganida ahvoli yomonligini, yuzlari qorayib, tanib bo‘lmas darajaga kelganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, 4−5 nafar IIB xodimlari bor uni urishayotgan bo‘lgan.

«O‘g‘rilikni bo‘ynimga olishimni so‘rashdi. Men qilmaganman, deganimdan so‘ng „Bo‘yniga olmas ekan“, deb yotqizib tovonimga „dubinka“ bilan urishdi. Avvaliga 2 kishi kaltakladi. So‘ngra 4−5 kishi kirib urishdi», — dedi u.

Bahrom Avliyoqulovning aytishicha, u turgan xonaga kaltaklanayotgan Yu.A.ning baqirgan ovozi eshitilgan.

«Yu.A.ni bizga nisbatan ham ko‘p urishdi, shekilli, baland ovozda baqirardi, — deydi Bahrom Avliyoqulov. — Uni urgan xodimlar meni ham urishardi. Uning ko‘kargan yuzini, holsiz tanasini ko‘rsatib, „Seni ham shu ahvolga solamiz“, deyishdi».

IIB xodimlari tomonidan qiynoqqa solingan ota-bolaning eslashicha, ularni 23 yanvar kuni tungi soat 1:30 da qo‘yib yuborishgan. Ular o‘z qishloqlariga 5:00 da yetib borgan, biroq ular ortidan uchta Matiz avtomobilida borib, ulardan birida yana ortga — IIBga olib ketishgan.

«Bilsak, Yu.A. o‘lib qolgan, prokuratura esa voqeani surishtirayotgan ekan. IIB xodimlari ularning aybini aytmasligimizni so‘rashdi. Prokuratura so‘roq qilganda esa bizni urishganini tan olmadi», — dedi Qurbon Ostonoyev.

Marhum Yu.A.ning turmush o‘rtog‘i Go‘zal Abdiyevaning «Daryo» muxbiriga aytishicha, turmush o‘rtog‘i Langar qishlog‘ida sodir etilayotgan o‘g‘rilikda qishloq profilaktika inspektorining qo‘li borligini bilib qolgan.

«Qishloqdoshimiz Isroil Yusupovning moli yo‘qolgach, turmush o‘rtog‘imni o‘g‘rilikda ayblashdi, — deydi Go‘zal Abdiyeva. — Ammo yo‘qolgan mol Tarag‘ay qishlog‘idagi Bo‘riyev Mahmadalining uyidan chiqdi. Erim shuni telefoniga «syomka» qilib, «uchastkavoy»ga ko‘rsatgan. Ammo «uchastkavoy» ishni yopdi-yopdi qilgan. Erim ularning bir dasturxonda o‘tirganini ko‘rgan. Shuning uchun ham «uchastkavoy»ga «Sen ishni yopdi-yopdi qilding», deb ko‘p urishardi. Shu sababli erimni o‘ldirishdi, endi menga ham biror nima qilishlaridan qo‘rqyapman».