Germaniyaning dan pearlman Group kompaniyasi Toshkent hayvonot bog‘ini rekonstruksiya qilish loyihasini ishlab chiqishda yordam beradi. Kompaniya Germaniya, Gruziya, Italiya, Buyuk Britaniya, Daniya, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlarda hayvonot bog‘larini rivojlantirish rejalari va dizaynlarinini ishlab chiqqan.

Poytaxt hayvonot bog‘ini rekonstruksiya qilish hukumatning 2019 yil dekabrdagi qarorida ko‘zda tutilgan. Avval xabar qilinganidek, hayvonot bog‘i dalat tashkilotidan mas’uliyati cheklangan jamiyatga aylantirilib, uning ishonchli boshqaruvi Wildlife Care kompaniyasiga topshirilmoqda.

Wildlife Care bosh direktori Abdumalik Siddiqovning «Gazeta.uz»ga birinchi bosqichda nemis mutaxassislari hayvonot bog‘ining hozirgi holatini baholashlari kerakligini ma’lum qildi. Dushanba kuni ular hayvonlarni saqlash sharoitlari, jonivorlar ekspozitsiyasi va hayvonot bog‘i infratuzilmasi bilan tanishishlari lozim.

Bir oydan so‘ng dan perlman Group o‘z tavsiyalarini taqdim etadi, shundan so‘ng uch oyda yakunlanishi rejalashtirilgan rekonstrukwiya loyihasini ishlab chiqishni boshlaydi.

Suratda (chapdan o‘ngga) — dan perlman Group mutaxassislari Jorj Shnayder, Kiaran Stenli va Moskva hayvonot bog‘i mutaxassisi Yuriy Juravlev.

Mutaxassislar hayvonlaruchun qulay muhitni buzmagan holda qanday qilib voerlarni rekonstruksiya qilish yoki kengaytirish, shuningdek, hayvonot bog‘ida ko‘ngilochar joylar, do‘konlar va kafelarni qoldirish mumkinligi haqida tavsiyalar beradi. Abdumalik Siddiqovning so‘zlariga ko‘ra, attraksionlar hayvonot bog‘ining uzoq qismiga ko‘chiriladi yoki mutaxassislar ulardan voz kechishni tavsiya qilsalar, ular buzib tashlanadi.

«Biz hal qilishimiz kerak bo‘lgan juda ko‘p vazifalar mavjud. Shunga asoslanib, ertaga biz xalqaro standartlarga [Yevrosiyo hayvonot bog‘lari va akvariumlar assotsiatsiyasining] muvofiq kelishimizni e’lon qilishimiz mumkin», — dedi Abdumalik Siddiqov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Toshkent hayvonot bog‘i «ko‘p jihatdan» hayvonlarni saqlash bo‘yicha xalqaro standartlarga javob beradi. Biroq, to‘siqlar to‘g‘ri o‘rnatilmagan, temir panjaralarga esa ehtiyoj yo‘q. Hayvonlar va odamlarni himoya qilish uchun malakali muhandislik yechimlari mavjud.

«Volerlar [yirtqichlar] standartlarga mutlaqo mos emas. Ammo bu monolit binolar, biz ularni nimadir qilishimiz kerak. Xalqaro standartlarga ko‘ra, odamlar hayvonlarga tepadan qarashi kerak emas. Bu hayvonlarni asabiylashtiradi. Bunday holatda ular o‘zlarini [himoyasiz] his qiladilar. Ular ko‘z bilan bir darajada bo‘lishi kerak. Va biz biron bir konstruktiv me’moriy yechimga kelishimiz kerak», — dedi Abdumalik Siddiqov.

Primatlar uchun pavilon ham xalqaro standartlarga javob bermaydi, shuning uchun maymunlar uchun volerlar yoniga yozgi voler qurish imkoniyatlari o‘rganilmoqda. Hayvonlar saqlash uchun xorijiy tajribalar o‘rganiladi.

«Biz nafaqat odamlarni hayvonlardan, balki hayvonlarni ham odamlardan himoya qilishimiz kerak. Bizning vazifamiz odamlarning [buyumlarni volerlar ichiga] tashlay olmasligi, hayvonlarni boqa olmasliklarini, lekin jonivorlarning tabiiy hayotini o‘rgana olishlarini ta’minlashdan iboratdir», — deb davom etdi Abdumalik Siddiqov.

Hayvonot bog‘i hududida sotishga ruxsat berilgan oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatini tuzish va do‘konlar sonini uch baravarga qisqartirish rejalashtirilmoqda, dedi u. Hayvonot bog‘ida doimiy ishlaydiganlar sonining ortishi tashrif buyuruvchilar tomonidan hayvonlarning ovqatlantirilishiga chek qo‘yadi. Videokuzatuv tizimini o‘rnatish hamda tashrif buyuruvchilarga hayvonlar to‘g‘risida ma’lumot beradigan yo‘lboshlovchilar ham bunga yordam beradi.

«O‘ylaymanki, bizda [hayvonlarni xavfli oziq-ovqatdan himoya qilish uchun] kuchimiz yetarli. Bu rekonstruksiyaga bog‘liq. Bu vazifani biz chet ellik mutaxassislar oldiga ham qo‘ydik, chunki biz ko‘plab volerlarni panjara o‘rniga shisha bilan o‘raymiz», — dedi Abdumalik Siddiqov.

Uning ta’kidlashicha, so‘nggi olti oy ichida Toshkent hayvonot bog‘ida hayvonlar o‘limi kamaygan. Hayvonlarning sifatli tekshirilishini ta’minlash uchun ular uchun reabilitatsiya markazi barpo etiladi.

«Biz hayvonlar turlarini saqlash tarafdorimiz. Hayvonot bog‘i — bu aslida pul olib kelmaydigan zararli korxona. Bu biz uchun ijtimoiy loyiha… Hayvonot bog‘i — bu turlar saqlanadigan genetik bank. Biz hayvonlar qanday qilib tutqunlikda yashashini anglab yetishimiz kerak, ular uchun tabiiy yashash muhitini, kichik changalzorlarni barpo etamiz», — deya xulosa qildi Abdumalik Siddiqov.

dan pearlman Group asoschilaridan biri Kiaran Stenli hayvonot bog‘iga tashrif buyuruvchilarga hayvonlar bilan muloqotda hissiy tajribalar tortiq etishi kerakligini ta’kidladi. Agar bunga erishilsa, tashrif buyuruvchilarda hayvonot bog‘iga qaytish hissi paydo bo‘ladi.

2024 yilgacha Wildlife Care hayvonot bog‘ini rivojlantirish uchun 5 million dollar sarmoya kiritadi. Abdumalik Siddiqov xodimlarning ish haqini oshirish, samarali boshqaruv va shaffof xaridlar tizimini yaratish rejalashtirilganligini ta’kidladi.

Besh yil ichida hayvonot bog‘ining foydaga kirishi kutilmoqda, olingan foyda ham keyinchalik uni rivojlantirishga qayta yo‘naltiriladi.