Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatidan so‘ng, Andijon viloyat hokimligida viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov raisligida o‘tgan ilk hokimlik soati-selektor yig‘ilishida «Kelajak bugundan boshlanadi, biz yoshlarimizga ishonamiz!» shiori ostida «Andijonda yoshlar o‘n kunligi» loyihasiga start berildi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Viloyat matbuot kotibi Mirzohid Botirovning tasdiqlashicha, uning birinchi bosqichi doirasida mavjud 7 nafar viloyat hokimining o‘rinbosari, tuman va shahar hokimlari va ularning o‘rinbosarlari vazifasiga o‘n kun muddatga yoshlar vakillari tayinlandi. Shuningdek, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlarining har biriga lider yoshlardan vakillar biriktirildi.

«Yangi rahbarlarga shaxsan viloyat rahbari faoliyati, vazifalarini tushuntirib o‘tdi va faollarga tanishtirdi. Yangi viloyat hokimining o‘rinbosarlari, tuman-shahar hokimlari va ularning o‘rinbosarlari boshlang‘ich ish-rejalar, xizmat mashinalari bilan ta’minlandi. O‘n kunlik yakuni bo‘yicha har bir viloyat hokimining o‘rinbosarlari, tuman va shahar hokimlari, ularning o‘rinbosarligiga tayinlangan, deputatlarga biriktirilgan yoshlar faollar ishtirokida faoliyat yuzasidan viloyat hokimiga hisobot taqdim etadi», deyiladi viloyat matbuot xizmati xabarida.

Ta’kidlanishicha, loyihaning keyingi bosqichda MFY raislari, viloyat korxona, tashkilot, boshqarmalari boshliqlari, huquq tartibot organlari rahbarlari, hattoki, viloyat hokimi vazifasini bajarish uchun vaqtinchalik yoshlar tayinlanishi rejalashtirilgan.

Avvalroq, viloyati hokimi Abdurahmonov parlament palatalarining qo‘shma majlisida ishtirok etib, davlat rahbariga yoshlar masalasida ish uslubini o‘zgartirishga va’da bergandi. Shuningdek, u uyushmagan yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish haqida gapirgan.