Kinorejissyor Nozim To‘laxo‘jayev «O‘zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasi asosida «Tanho qayiq» badiiy filmini suratga oldi. Bu haqda agentlik axborot xizmati xabar bermoqda.

Kinoasar syujetiga ko‘ra, Orol bo‘yidagi kimsasiz ovulda keksa bir qayiqsoz yolg‘iz yashaydi. U tevarak-atrofdagi ovullardan bekorchi yosh-yalangni yoniga olib, ularga ota-bobolardan qolgan bu qadimiy kasbni o‘rgatadi va shuning barobarida chin insoniylikdan saboq beradi. Dengiz esa yuzlab chaqirim nariga ketib qolgan. Lekin qariya bir kunmas-bir kun uning suvga to‘lajagiga ishonadi. Bu shunchaki orzu yoxud havoyi ishonch emas. Cholning qat’iy fikricha, «buning uchun biz — odamlar halol, insofli va olijanob yashamoqqa ahd qilsak, kifoya».

Foto: Filmdan lavha.

Film ijodkorlarining ta’kidlashicha, Orol fojiasi — bir bahona, asar aslida inson qalbining dag‘allashib, qurib-sayozlashib boruvidan paydo bo‘ladigan falokatlar haqida.

Kartinada Rajab Adashev, Gulsanem Abatbayeva, Bunyod Rahmatullayev, Murod Nasimov, Ozodbek Xurramov, Sarvar Ilhomov, Bobur Yo‘ldoshev, Shodiya Abduqodirova, Dilorom Karimova kabi aktyorlar rol ijro etgan. Uning umumiy byudjeti 1 milliard 700 million so‘mni tashkil etadi.

Foto: Filmdan lavha.

«Tanho qayiq» badiiy filmining postanovkachi operatori — Oskar Baxteyev, postanovkachi rassomi — Shuhrat Abdumalikov, bastakori — Dmitriy Yanov-Yanovskiy. Film tomosha uchun tayyor, ammo premera sanasi belgilanmagan.