Andijonda uydan ko‘chirish haqidagi sud qarori ijrosidan norozi X. G‘oyibnazarov o‘zini yoqib yuborganligi oqibatida vafot etganligi holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 103-moddasi 1-qismi («O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu xaqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Bosh prokuratura qoshidagi Majburiy ijro byurosi Andijon tumani bo‘limi tomonidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudining hal qiluv qaroriga asosan javobgarlar X. G‘oyibnazarov va uning oila a’zolarini uydan ko‘chirish hamda undiruvchi M. Boyxonovani ushbu uyga kiritish to‘g‘risida ijro ishi qo‘zg‘atilgandi.

Tuman MIB bo‘limi ma’lumotiga ko‘ra, 21 yanvar kuni ijro ishini amalga oshirish maqsadida ko‘rsatilgan manzilga borilganda undiruvchi va qarzdor o‘zaro kelishgan, qarzdorlarga uch kun muhlatda ko‘chib ketishlari uchun imkoniyat berilgan.

Undiruvchi ketganidan so‘ng qarzdor MIB xodimlarini chaqirib, 24 yanvarga qadar ko‘chirish ishlarini to‘xtatib turishni so‘ragan vaqtida, G‘oyibnazarov jahl ustida bir qo‘lidagi yelim idishdagi suyuqlikni ustidan sepib, o‘ziga o‘t qo‘yib yuborgan.

Ayni paytda marhumning opasi jurnalistlarga voqea tafsilotlarini so‘zlab bergandi. Uning aytishicha, haqdor marhumni jerkib tashlagan.

«Bo‘ldi, ketinglar, degan so‘zimizga ham qaramasdan ukamni so‘kib tashlashdi. Shunda ukam: „Opa, bir odam o‘lishi kerakmi“, — deya savol bersa, advokat ayol „O‘lsang o‘laverasan“, — degan javobni qaytardi. Ukam benzinni qayerdan oldi, bilmayman, va qo‘lidagi benzinni o‘zining ustidan quydi-da, gugurt chaqdi», — deydi marhumning opasi.

Ta’kidlanishicha, MIB xodimlari o‘zini yoqqan G‘oyibnazarovdagi yong‘inni o‘chirishga ko‘maklashib, uni «Labo» rusumli avtomashinada, uning oila a’zolari esa davlat ijrochisi I. M.ning avtomashinasida Andijon tumani tez tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘limiga olib borilgan.

Ma’lumot uchun, fuqaro M.Boyxonova tomonidan yuqorida qayd etilgan xonadon davlat notarial idorasida 2016 yil 4 may kuni qayd etilgan oldi-sotdi shartnomasiga asosan sotib olganligi sababli uy-joydan ko‘chirish haqida sudga da’vo arizasi kiritgan. Sudning qaroriga asosan qarzdor G‘oyibnazarovlarni uydan ko‘chirish belgilanganligi sababli undiruvchining arizasiga ko‘ra ushbu ijro harakatlari olib borilgan bo‘lib, ijro harakatlari ushbu uyni davlat foydasiga olish maqsadida amalga oshirilmagan.