O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov fuqarolarga «Xitoyga, zarurat bo‘lmaganda, boshqa xorijiy davlatlarga ham vaqtinchalik bormaslikni» tavsiya qildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda yangi koronavirus oqibatida vafot etganlar soni 80 nafardan, kasallanganlar soni esa 2400 nafardan oshgan. Xubey provinsiyasi va uning ma’muriy markazi Uxan shahrida zararlanishning eng ko‘p holati qayd etilgan.

«Koronavirus bo‘yicha yuzaga kelgan murakkab epidemik vaziyat dunyo miqyosida xavotirli tus olmoqda», — deydi Alisher Shodmonov. Uning qayd etishicha, ushbu epidemik vaziyatga qarshi mamlakatda kerakli barcha choralar ko‘rilmoqda. Xavo, avtomobil va temir yo‘l transporti ob’ektlarida sanitariya-epidemiologiya va migratsiya nazorati kuchaytirilmoqda. Xitoydan qaytayotgan fuqarolarga tibbiy nazorat o‘rnatilgan.

«Ammo bu xavfsizlikni to‘liq kafolatlaydi, degani emas. Negaki, koronavirus infeksiyasi havo tomchilari orqali o‘tishi, insondan insonga yuqishi, shuningdek, kasallikning yashirin davri 1−14 kungacha kechishi jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Shu bois fuqarolarimizdan Xitoyga, zarurat bo‘lmaganda, boshqa xorijiy davlatlarga ham vaqtinchalik bormaslikni tavsiya qilaman», — deya vazir so‘zlari keltirilgan xabarda.

Alisher Shodmonov ma’lum qilishicha, ayni payt O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bo‘yicha epidemik vaziyatning barqarorligi kuzatilmoqda. «Xitoydan va boshqa chet davlatlardan ushbu infeksiyaning kirib kelish holatlari qayd etilmadi».

Koronavirus infeksiyasiga gumon qilingan bemorlar uchun Virusologiya ilmiy tekshirish va Emidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutlari klinikasi, Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining yuqumli kasalliklar shifoxonalarida maxsus boks palatalari, ular uchun tegishli dori-darmonlar zaxirasi yaratilgan.