O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 2020 yil 1 yanvar holatiga 33905,8 ming kishini tashkil etib, 2019 yil boshidan 650,3 ming kishiga yoki 2,0 foizga o‘sdi, deyiladi Davlat statistika qo‘mitasining demografik vaziyat to‘g‘risidagi hisobotida.

Shahar aholisiнинг ulushi 17,1 million (umumiy sonining 50,5 foizi), qishloq aholisi — 16,7 million (49,5 foiz) kishini tashkil etdi.

Eng ko‘p aholi Samarqandda (11,4 foizi) (Farg‘ona — 11,1 foizi, Qashqadaryo — 9,7 foizi va Andijon viloyatida — 9,2 foizi) qayd etildi.

Mehnatga yaroqli yoshdan kichiklar aholining 30,5 foizini, mehnatga layoqatli yoshdagilar 58,9 foizni va mehnatga layoqatli yoshdan kattalar 10,6 foizni tashkil etdi.

2019 yil yanvar-dekabr oylarida 815,9 ming bola tug‘ilishi ro‘yxatga olingan bo‘lib, 1000 aholiga tug‘ilish darajasi 24,3 promilleni tashkil etdi va 2018 yilning shu davriga nisbatan 1 promillega ko‘paydi.

Ushbu davr mobaynida o‘limlar soni 155 mingtani, o‘lim koeffitsiyenti 4,6 promilleni tashkil etdi va 2018 yilning shu davriga nisbatan 0,1 promillega kamaydi.

2019 yilning yanvar-dekabr oylarida qayd etilgan vafot etganlarning 60,3 foizi — qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 10,0 foizi — o‘simtalardan, 6,3 foizi — baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 5,5 foizi — ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan, 4,2 foizi — nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 1,4 foizi — yuqumli va parazitar kasalliklardan hamda 12,3 foizi — boshqa kasalliklardan vafot etgan.

Ro‘yxatga olingan 1 yoshgacha vafot etgan bolalar soni 7,4 ming nafarni tashkil etib, ularning 58,5 foizi — perinatal davrda yuzaga keladigan holatlardan, 18,7 foizi — nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 11,8 foizi — tug‘ma anomaliyalardan, 2,7 foizi — yuqumli va parazitar kasalliklardan, 1,9 foizi — baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 0,8 foizi — ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan va 5,6 foizi — boshqa kasalliklardan vafot etgan.

Aholining tabiiy o‘sishi 660,9 ming kishini tashkil etib, 2018 yil mos davriga nisbatan 47,3 ming kishiga (2018 yilning yanvar-dekabr oylarida 613,6 ming kishi bo‘lgan) o‘sgan.

FHDYO organlari tomonidan 310,9 ming nikoh qayd etildi, mos ravishda 1000 aholiga nisbatan nikoh tuzish koyeffitsiyenti 9,3 promilleni tashkil etdi. 2018 yilning mos davriga nisbatan sezilarli kamayish Samarqand (3,4 foizi), Xorazm (1,5 foizi), Farg‘ona (1,4 foizi), Qashqadaryo (1,3 foizi) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (1,3 foizi) kuzatildi.

2019 yilning yanvar-dekabr oylarida 31,4 mingta nikohdan ajralishlar qayd etilgan bo‘lib, mos ravishda 1000 aholiga nisbatan nikohdan ajralish koyeffitsiyenti 0,9 promilleni tashkil etdi. 2018 yilning mos davriga nisbatan sezilarli kamayish Andijon viloyati (12,0 foizi), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (7,5 foizi), Samarqand (6,9 foizi) va Navoiy (5,5 foizi) viloyatlarida kuzatildi.

2019 yil yanvar-dekabr oylarida respublika bo‘yicha ko‘chib kelganlar soni 158,8 ming kishini (156,3 ming kishi respublika hududlaridan, 2,5 ming kishi xorijiy mamlakatlardan), ko‘chib ketganlar soni esa 169,5 ming kishini (156,3 ming kishi respublika hududlariga, 13,2 ming kishi xorijiy mamlakatlarga) tashkil etdi. Migratsiya saldosi minus 10,7 ming kishi bo‘lib, 2018 yilning mos davrida minus 14,7 ming kishi bo‘lgan.

Migratsiya saldosining yuqori darajasi Qashqadaryo (minus 6,9 ming kishi), Samarqand (minus 5,6 ming kishi), Toshkent (minus 4,6) viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (minus 4,2 ming kishi) qayd etildi. Migratsiya saldosining ijobiy darajasi Toshkent shahrida (plyus 27 ming kishi) kuzatildi.

O‘zbekistonga doimiy yashash uchun kelganlar soni 2527 kishini tashkil etdi, ulardan 33,3 foizi — Qozog‘iston, 23,3 foizi — Rossiya, 21,4 foizi — Tojikiston, 12,1 foizi — Qirg‘iziston va 10 foizi — boshqa davlatlardan.

13,2 ming kishi O‘zbekistondan tashqariga doimiy yashash uchun ketgan, shundan 57,5 foizi Qozog‘istonga, 37,7 foizi Rossiyaga, 0,8 foizi AQSHga, 0,7 foizi Isroilga va 3,3 foizi — dunyoning boshqa mamlakatlariga.

2020 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra Toshkent shahrida doimiy aholi soni 2,57 million kishini tashkil qildi. O‘tgan yil davomida 50,2 ming bola tug‘ildi. 1000 aholiga tug‘ilish darajasi 19,8 promilleni tashkil qildi. O‘lganlar soni 15,5 ming kishiga yetdi, o‘lim darajasi 6,1 promille.