24 yanvar kuni Toshkent IIBB xodimlari tomonidan ichki ishlar idoralari xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmagan va hujjatlarni taqdim etishdan bosh tortgan shaxslarni tekshirish paytida ulardan 39 ta pichoq olib qo‘yildi, deya xabar qildi poytaxt boshqarmasi matbuot xizmati.

Xususan, soat 23:30 atrofida Bektemir tumanidagi «Qo‘yliq» bozori yaqinida bir erkak xujjatlarini tekshirish uchun to‘xtatilgan vaqtda uning xatti-harakatlari ichki ishlar organlari xodimlarida shubha uyg‘otdi. U shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishdan bosh tortdi va yaqin atrofdagi ichki ishlar bo‘limiga borish so‘ralganida, yashirinishga harakat qildi. Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashovchi 24 yoshli X. I. bilan o‘tkazilgan tekshirish paytida uning ustki kiyimining cho‘ntagidan pichoq topildi. U pichoqni qanday maqsadda olib yurganini tushuntirib bera olmadi.

Xuddi shu kuni Sergeli tumanida soat 02:10 atrofida patrul-post xizmati xodimlari 33 yoshli K. B.ni hujjatlarini tekshirish uchun to‘xtatdi. U hujjatlarini taqdim etish so‘ralganida o‘zini juda tajovuzkor tutdi. Shaxsiy tintuv paytida erkakning yonidan pichoq chiqdi. Vaziyatni aniqlashtirish uchun u tuman ichki ishlar bo‘limiga olib borilgan.

Taxminan soat 10:50 atrofida Shayxontohur tumanida «Xadra Milliy Taomlar» kafesi yaqinida yana bir erkakning xatti-harakatlari IIBB xodimlari e’tiborini tortdi. Tekshiruv vaqtida Andijon viloyatidan bo‘lgan 40 yoshli B.K. shimining cho‘ntagida pichoq olib yurgani aniqlandi.

Aniqlangan holatlar yuzasidan ma’muriy bayonnomalar tuzildi. Toshkentda o‘tkir buyumlarni olib yurish va ular yordamida tan jarohatlari yetkazilishiga qarshi profilaktika choralari davom ettiriladi, deya qayd etdi IIBB.