O‘zbekiston ochiq, pragmatik, chuqur o‘ylangan tashqi siyosat kursidan boradi. Mamlakat tashqi siyosatida Markaziy Osiyoning xavfsizligi va taraqqiyoti ustuvor ahamiyatga ega, deya ma’lum qildi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov.

Xalqaro press-klubning 25 yanvar kuni o‘tkazilgan sessiyasida nutq so‘zlagan O‘zbekiston tashqi siyosat mahkamasi rahbari prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatnomasidan kelib chiqib, siyosiy masaladagi ayrim savollarga to‘xtalib o‘tdi.

«Tashqi ishlar masalasida asosiylaridan biri — yirik, strategik hamkorlik mavjud davlatlar bilan aloqalarni rivojlantirish. Bular, avvalo, buyuk davlatlar — Xitoy, Rossiya, AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya, Turkiya, arab davlatlari va Yevropa Ittifoqi, Osiyo mamlakatlari. Rossiya Federatsiyasi bilan nafaqat ikki tomonlama aloqalarni rivojlantiramiz: O‘zbekiston joriy yilda MDH raisligini qabul qilgan», — dedi Abdulaziz Kamilov.

«Bundan tashqari, yirik xalqaro tashkilotlar, xususan Shanhay hamkorlik tashkiloti doirasida ko‘p tadbirlar bor, ayrimlari O‘zbekistonda o‘tadi. Ikki tomonlama tashriflarga tayyorgarlik ko‘ryapmiz», — qo‘shimcha qildi u.

Prezident murojaatnomasida tashqi siyosatda integratsiya masalasiga alohida to‘xtalgandi. Shavkat Mirziyoyev Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqini nazarda tutgan holda, quyidagi fikrni bildirgan:

«Bu masalani bir yildan beri o‘rganyapmiz. Bu masalani eng avvalo xalqimizning manfaatlari, ularning orzu-istaklariga tayanib hal qilamiz. Deputatlar va senatorlar ushbu masalani atroflicha o‘rganib, xulosalar berishni o‘z zimmalariga olishlari lozim. Deputatlar qo‘liga qalam olib masalaning ijobiy va salbiy tomonlarini o‘rgansin. Ularni aytgani bo‘ladi. Ma’qul desa — ma’qul, noma’qul desa — noma’qul bo‘ladi».

Aynan integratsiya masalasida fikr bildirgan tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov YeOII, Jahon savdo tashkiloti hamda YeI bilan batafsil muzokaralar olib borilayotganini aytdi.

«Qaysi shaklda, qaysi qismida O‘zbekiston mazkur integratsion tashkilotlarda ishtirok etishi mumkinligini aniqlaymiz. YeOII bo‘yicha ko‘plab savollar paydo bo‘lyapti. Avvalo, bizning integratsiyaga munosabatimizni bildirsam. Globallashuv davrida bu — tabiiy jarayon. O‘zbekiston ham bu jarayondan chetda qolishi mumkin emas. Biz doim milliy va davlat manfaatlaridan kelib chiqib, ish tutamiz», — deya ta’kidladi vazir.

Abdulaziz Kamilovnnig aytishicha, O‘zbekistondan chetga yuborilayotgan yuklarning qariyb 80 foizi Qozog‘iston va Rossiya hududidan tranzit orqali o‘tadi. Shuningdek, hal qilinishi lozim bo‘lgan boshqa masalalar ham bor, dedi u.

O‘zbekiston kun tartibida siyosiy muammolar yo‘qligini ma’lum qilgan Abdulaziz Komilov integratsiya masalasida chetda qolmaslik, ammo jarayonni chuqur o‘rganishni bildirdi.