2019 yil ikkinchi yarim yilligida aholi va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan sezilgan inflyatsiya avgust oyidagi keskin oshishidan so‘ng yuqoriligicha saqlanib qoldi va bu, o‘z navbatida, iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalar darajasiga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy banki e’lon qilgan o‘tgan yilning to‘rtinchi choragi uchun pul-kredit siyosati sharhida so‘z boradi.

MB o‘tkazgan so‘rovlarga ko‘ra, kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalar 18 foizni tashkil etdi. Xususan, aholining kutilmalari noyabrda 17,3 foizgacha pasayib, dekabrda 17,9 foizgacha oshdi. Biznes vakillari inflyatsion kutilmalarida esa dekabrda 18,1 foizgacha pasayish kuzatildi.


«Bir vaqtning o‘zida bir nechta inflyatsion omillar paydo bo‘lgan vaziyatda, jumladan, tariflarning oshirilishi, milliy valyuta devalvatsiyasi va ish haqining o‘sishi sharoitida, ayniqsa kutilmalar jilovlanmagan davrda, inflyatsion kutilmalarning ta’siri nisbatan uzoq muddatda davom etishi mumkin», — deyiladi sharhda.

Inflyatsiya tahlili

2019 yil yakunlari bo‘yicha respublikada iste’mol narxlari bo‘yicha hisoblangan inflyatsiya 15,2 foizga teng bo‘ldi va Markaziy bank prognoz koridorining yuqori chegarasiga yaqin darajada saqlanib qoldi.

2019 yilda inflyatsiya turli yo‘nalishli dinamikaga ega bo‘ldi. Xususan, yilning birinchi yarmida pasayib, yillik 13−13,5 foiz darajada barqaror saqlangan bo‘lsa, uchinchi chorakda energiya manbalari narxlarining ko‘tarilishi va devalvatsiyaning tezlashishi ta’siri ostida biroz tezlashdi. Choraklik inflyatsiya darajasida, 2019 yilning uchinchi choragini hisobga olmaganda, 2018 yilning mos davrlariga nisbatan pasayish kuzatildi

2019 yilda oziq-ovqat mahsulotlari guruhi yillik inflyatsiyani shakllantiruvchi asosiy omil bo‘ldi. Mazkur guruhning umumiy inflyatsiyadagi hissasi avvalgi yilga nisbatan 1,6 foiz bandga oshib, 8,1 foiz bandga teng bo‘ldi. Shuningdek, nooziq-ovqat inflyatsiyasi pasayishi davom etib, yil yakuniga umumiy inflyatsiyadagi hissasi 3,8 foiz bandgacha pasaydi. Xizmatlar inflyatsiyasining hissasi esa 3,3 foiz band atrofida deyarli o‘zgarishlarsiz qoldi.

Markaziy bank joriy va kutilayotgan makroiqtisodiy holatlardan kelib chiqib, 2020 yil uchun inflyatsiya bo‘yicha asosiy prognozni 12−13,5 foiz darajada o‘zgarishsiz saqlab qoldi.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari

2019 yil oktyabr-dekabr oylarida oziq-ovqat mahsulotlari inflyatsiyasi ayrim tovarlar narxlari o‘sishining ma’lum darajadagi tezlashuvi hisobiga o‘suvchi trendga ega bo‘ldi. Xususan, sentyabr oyida ushbu guruh narxlari yillik o‘sishi 17,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, dekabrda 18,6 foizgacha ko‘tarildi.


Bunda meva-sabzavotlarning oziq-ovqat tovarlari yillik inflyatsiyasiga ta’siri biroz pasaydi. Oziq-ovqat mahsulotlari inflyatsiyasi meva-sabzavotlarni hisobga olmaganda 19,6 foizga teng bo‘ldi. Bu don, un va unga bog‘liq mahsulotlar narxlarining erkinlashtirilishi, shuningdek, narxlarning mintaqadagi o‘rtacha narxlar darajasiga moslashishi hamda ichki tarkibiy omillar bilan izohlanadi.

Bundan tashqari, Qozog‘istonda hosilning pasayishi natijasida import qilingan un va bug‘doy narxlarining o‘sishi tegishli tovarlar guruhi narxlarining oshishiga ta’sir ko‘rsatdi.

2019 yilning birinchi yarim yilligida go‘sht narxining yillik o‘sishi sezilarli darajada sekinlashib, iyunda 13,1 foiz bo‘lgan bo‘lsa, uchinchi chorakdan narxlar o‘sish sur’ati jadallashdi va dekabrda 23,4 foizgacha ko‘tarildi.

Chorva uchun ozuqa narxining yuqori sur’atlarda o‘sishi, ishlab chiqarish bazasining rivojlanmaganligi va chorvachilikni rivojlantirish dasturlari doirasida chorva mollariga bo‘lgan talabning o‘sishi, umumiy ovqatlanish — «restoran biznesi» sohasining sezilarli kengayishi go‘sht va chorva mollari narxlarining oshishiga ta’sir qiluvchi asosiy omillardan bo‘lganligini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, qo‘shni davlatlardan chorva mollari importining ko‘paytirilishi narxlarning keskin o‘sib ketishini oldini olishga xizmat qildi.

«O‘rta muddatli istiqbolda go‘sht narxining barqaror bo‘lishi chorvachilik faoliyatini fundamental ravishda qayta ko‘rib chiqishni, xususan, yetarli ozuqa bazasi bilan ta’minlanganligi darajasini oshirish, shuningdek, ichki bozorda ishonchli go‘sht taklifini yarata oladigan yirik chorvachilik fermalarining rivojlanishini rag‘batlantirishni hamda zaruriyat tug‘ilganda tashqi bozorlardan ishonchli va barqaror go‘sht taklifini yo‘lga qo‘yishni talab etadi», — deyiladi sharhda.

Nooziq-ovqat narxlari

Nooziq-ovqat tovarlari guruhida o‘rtacha narx darajasining o‘sishi oktyabr oyida maksimal qiymatiga yetdi — yillik 12,2 foiz, noyabrdekabr oylarida esa 10,9 foizgacha pasaydi. Umuman, 2019 yilda yoqilg‘i mahsulotlari narxlari o‘sishini hisobga olmaganda nooziq-ovqat mahsulotlari yillik inflyatsiyasi o‘suvchi trendga ega bo‘lib, yanvardagi 8,3 foizdan noyabrda 11,2 foizgacha ko‘tarildi. Dekabr oyida yillik hisobda 10,3 foizgacha pasaydi.


Uy-ro‘zg‘or buyumlari va elektr jihozlari, shaxsiy gigiyena vositalari va tamaki mahsulotlari guruhida narxlarning o‘sishi sezilarli darajada tezlashishi kuzatildi va bu, asosan, so‘mning devalvatsiyasi va bojxona to‘lovlari stavkasining qayta ko‘rib chiqilishi bilan bog‘liq. Xususan, maishiy texnika va elektr jihozlari narxining o‘sishi 13,4 foizni (2018 yilda 5%), yuvish va tozalash vositalari — 15 foizni (2018 yilda 6,4%), madaniy buyumlar — 12,7 foizni (2018 yilda 1,2%) tashkil qildi.

Mahalliy ishlab chiqarishning o‘sishi va muqobil tovarlar yangi turlarining rivojlanishi tufayli qurilish materiallari narxlarining o‘sish sur’ati 2019 yilda 7,3 foizgacha pasaydi (2018 yilda 18,6 foiz). Bundan tashqari, kiyim-kechak narxlarining o‘sishi o‘tgan yilga nisbatan 1,2 foiz bandga pastroq bo‘ldi.

2019 yilning IV choragida almashuv kursining nisbatan barqarorlashuvi, o‘z navbatida, kiyim-kechak, oyoq kiyim, maishiy tovarlar, elektrotexnika va tarkibida import qismi yuqori bo‘lgan boshqa tovar guruhlari bo‘yicha narxlar oshishining sekinlashishiga xizmat qildi.

Xizmatlar

2019 yil oktyabr-dekabr oylarida xizmatlar yillik inflyatsiyasi pasayuvchi trendga ega bo‘lib yil yakuni bo‘yicha 15,2 foizni tashkil etdi. Bunga kommunal xizmatlar hamda temir yo‘l transporti va aloqa xizmatlari tariflarining nisbatan barqaror bo‘lganligi sabab bo‘ldi.

Shuningdek, 2019 yil to‘rtinchi chorakda kommunal xizmatlar hisobga olinmagan holda hisoblangan xizmatlar inflyatsiyasida pasayish kuzatilib 14,1 foizga teng bo‘ldi.


Sovuq suv va kanalizatsiya uchun to‘lov yillik 20 foizga, elektr energiyasi to‘lovi — 18,0 foizga, tabiiy gaz uchun to‘lov — 18,8 foizga va maishiy chiqindi uchun to‘lov — 17,3 foizga oshdi. Bozor xizmatlarida tariflarning joriy sharoitlarga (jumladan, ish haqilar va aholi daromadlari oshishiga) moslashishi davom etmoqda. Xususan, maishiy xizmatlar narxlari yillik o‘sishi 18,8 foizni, ta’lim xizmatlari — 22 foizni, tibbiy xizmatlar — 11,7 foizni, dam olish xizmatlari — 13,2 foizni tashkil qildi.

Shu bilan birga, 2020 yilda 2019 yil uchinchi choragida inflyatsion bosimning shakllanishiga turtki bo‘lgan omillar ta’siri kamayib boradi.

Bazaviy inflyatsiya

2019 yilda bazaviy inflyatsiya oktyabr oyiga qadar o‘sishda davom etdi va yillik 15 foizlik maksimal darajasiga yetdi, noyabr-dekabr oylarida esa 13,9 foizgacha pasaydi.

2019 yil davomida bazaviy inflyatsiyada barqaror pasayish tendensiyasi kuzatilmadi. Bazaviy inflyatsiya trendining shakllanishiga QQS bazasining kengaytirilishi, kreditlash sur’atlarining tezlashishi hamda energiya resurslari narxlari oshirilishining ikkilamchi ta’sirlari, shuningdek, bozor narxlarining, ish haqi oshirilishi va ayrim tovarlar importiga QQS bo‘yicha imtiyozlarning bekor qilinishiga moslashuvi kabi omillar bilan izohlanadi.

2018 yil sentyabrdan buyon bazaviy inflyatsiya INI o‘zgarishidan past darajada saqlanib qolmoqda, bu holat tartibga solinadigan narxlarni umumiy iste’mol narxlariga nisbatan sezilarli darajada tezroq o‘sganini ko‘rsatadi.

Tartibga solinadigan narxlarning bir martalik keskin o‘sishi ta’sirining tugab borishi bilan mazkur ko‘rsatkichlar orasidagi farq qisqaradi.

Inflyatsiya prognozi

Markaziy bank joriy va kutilayotgan makroiqtisodiy holatlardan kelib chiqib, 2020 yil uchun inflyatsiya bo‘yicha asosiy prognozni 12−13,5 foiz darajada o‘zgarishsiz saqlab qoldi.

Bunda, asosiy prognozning saqlab qolinishi va inflyatsiyaning yil oxiriga qadar kutilayotgan pasayishi quyidagi monetar va nomonetar omillar bilan izohlanadi:

Birinchidan, 2019 yilda yuzaga kelgan ba’zi inflyatsion omillar ta’sirining 2020 yilda tugashi hamda oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlarining aksariyati bo‘yicha narxlar Markaziy Osiyo mintaqasidagi, shuningdek, asosiy savdo hamkor davlatlardagi narxlar darajasiga moslashib bo‘lganligi sababli narxlarning pastroq darajada o‘sishi kutilmoqda;

Ikkinchidan, muvofiqlashgan pul-kredit va makroprudensial siyosatning yuritilishi, shuningdek, davlat xarajatlari va umumiy fiskal taqchillikning optimallashtirilishi (fiskal taqchillikning 2019 yildagi YAIMga nisbatan 3,9 foizdan 2,7 foizgacha qisqartirilishi, O‘TTJ daromadlari va xarajatlarining muvozanatlashtirilishi, davlat tashqi qarzini jalb etish bo‘yicha chegaralarning o‘rnatilishi) orqali kreditlash o‘sish sur’atining nominal YAIM o‘sish sur’atidan (20−25%) oshmasligi ta’minlanadi. Bu, o‘z navbatida, iqtisodiyotda talabning haddan tashqari o‘sishini oldini oladi va shu orqali, inflyatsiya va ayirboshlash kursiga bo‘lgan bosimni pasaytiradi.

Uchinchidan, milliy valyuta ayirboshlash kursi o‘zining fundamental trendi atrofida barqarorlashishi 2020 yilda inflyatsion jarayonlarga 2019 yildagiga nisbatan kamroq ta’sir ko‘rsatadi.

To‘rtinchidan, dastlabki baholashlarga ko‘ra, joriy yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, to‘qimachilik va qurilish sanoatida mahsulot ishlab chiqarish hajmi o‘sishi va bu ichki talabni qondirish imkonini beradi. Bunda, ichki bozorda raqobatning kuchaytirilishi mazkur sohalarda narxlar barqarorligining ta’minlanishi uchun muhim o‘rin tutadi.

Beshinchidan, 2018−2019 yillarda o‘rtacha ish haqilar darajasining sezilarli darajada to‘g‘rilanganligi hisobiga 2020 yilda aholi nominal daromadlarining, jumladan, o‘rtacha ish haqlari darajasining mo‘’tadil o‘sishining kutilishi talabning inflyatsion omillari ta’sirini kamaytirishga yordam beradi.

«Shu bilan birga, ishlab chiqarish hajmini oshirish, bozor tamoyillaridan kengroq foydalanish va tannarxni pasaytirish bo‘yicha «2020 yilda Inflyatsiyani pasaytirish va narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha yo‘l xaritasi»da keltirilgan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi, iqtisodiyotda inflyatsion bosimni yuzaga keltiruvchi omillarni bartaraf etish va inflyatsiyaning o‘rta muddatli maqsadli ko‘rsatkichiga erishish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi», — deyiladi sharhda.