27 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida sudlanuvchi, Human xususiy bandlik agentligi Shohinur Fayzullayevga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Dastlabki tergov organi tomonidan sudlanuvchi Shohinur Fayzullayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi («firibgarlik») 4-qismi «a» bandi, 179-moddasi («soxta tadbirkorlik»), 189-moddasi («savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish») 1-qismi, 192−11-moddasi 2-qismi «a» bandi («nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish»), 227-moddasi («hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish») 2-qismi «a» bandi va 243-moddasi («jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish»)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan edi.

Sud hukmiga ko‘ra, Sh. Fayzullayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 227-moddasi 2-qismi «a» bandi va 179-moddasi bilan Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi («reabilitatsiya uchun asoslar»)ning tegishli bandlariga asosan reabilitatsiya qilindi hamda uning ayblovidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 192−11-moddasi 2-qismi «a» bandi chiqarildi.

Sudlanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b», «v» bandlari, 189-moddasi 1-qismi va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 59 («bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash») va 61 («jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari») moddalariga asosan tayinlangan har xil turdagi jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Sudlanuvchidan 1080 nafardan ortiq jabrlanuvchilar foydasiga 21 milliard 192 ming so‘mdan ziyod miqdorda moddiy zarar undirilishi belgilandi.

Shuningdek, jabrlanuvchilarga jinoyat oqibatida yetkazilgan ma’naviy zararlarni undirish masalasida fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqi tushuntirildi.

Sobiq senator Farrux Dadaxo‘jayev xususiy bandlik agentliklariga murojaat qilgan fuqarolarning iqtisodiy huquqlari himoyalangmaganini ta’kidlagandi. U bank akreditiv orqali hisob-kitobni amalga oshirish taklifini bildirgandi.