Toshkent-Andijon pullik avtomobil yo‘lini qurish loyihasi uchun PWC va Arup konsultatsiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalari tomonidan dastlabki texnik iqtisodiy hisob-kitob hujjatlari tayyorlanmoqda. Bu haqda Davlat-xususiy sheriklik rivojlantirish agentligi xabar bermoqda. Ta’kidlanishicha, ushbu kompaniyalar fevral oxiriga qadar kerakli hujjatlarni taqdim etadi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘l uzunligi 350−360 km atrofida bo‘ladi. Asosan to‘rt yo‘lakdan iborat bo‘ladigan yo‘l qurish loyihasi respublika miqyosida yuqori iqtisodiy-ijtimoiy ta’sirga ega. Ushbu loyihani uch bosqichda: 1. Qamchiq avtomobil tunneli, 2. Toshkent-Angren yo‘li, 3. Qo‘qon-Andijon yo‘li amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Loyihaning dastlabki moliyaviy va texnik hisob-kitoblari taqdim etilgandan so‘ng Jahon banki bilan loyihani amalga oshirish bo‘yicha bitim imzolanishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, xalqaro standartlardan kelib chiqib, yo‘l qoplamasi sement yoki beton bo‘lishi, transport oqimi va yo‘l atrofida joylashgan ob’ektlarga ta’siri va boshqa muhim texnik-iqtisodiy va tijoriy masalalar texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar jarayonida (oktyabrga qadar) aniqlanishi lozim.

Loyihani amalga oshirish maqsadga muvofiq deb topilsa, tender hujjatlari tayyorlanib (2021 aprelga qadar), tender bosqichlari amalga oshirilishi hamda tender g‘olibi bilan 2022 yil aprelda davlat-xususiy sheriklik asosida bitim imzolanishi kutilmoqda. Qurilish ishlari 2025−2026 yilgacha davom etadi.

2019 yil 9 dekabrda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qarori bilan davlat xususiy sherikchilik shartlari asosida pulli avtomobil yo‘llarini tashkil etish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlangandi.

Hujjatga muvofiq, Qamchiq (Toshkent va Namangan viloyatlari) va Taxtaqoracha (Qashqadaryo) dovonlarida ikkita yangi pulli tunel hamda uchta pulli avtoyo‘l — Sirdaryo va Baxt shaharlarini aylanib o‘tishda (Sirdaryo viloyati) hamda Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon yo‘llarini qurish rejalashtirilmoqda.