O‘zbekiston hududiga Kavkaz rayonlaridan kirgan antitsiklon bilan Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida 27 yanvar kuni ertalab qisqa muddatli yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) kuzatildi, deya xabar qildi O‘zgidromet matbuot xizmati.

Kunning ikkinchi yarmida respublikaning ayrim joylarida kuchsiz yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi mumkin, faqat janubda va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yog‘ingarchilik bo‘lmaydi. Kunduzgi harorat 2−7 daraja atrofida bo‘lishi kutilmoqda, bu ko‘rsatkichlar kun me’yorlariga yaqindir.

Haftaning ko‘p qismida mamlakat hududi ana shu antitsiklon chegarasi ta’sirida bo‘ladi. Shu sababli respublikada kam bulutli ob-havo kuzatiladi, havoning sovishi tungi harorat 0−5 daraja sovuqqacha tushishiga olib keladi, kunduzi esa quyosh nurlari haroratni 4−9 darajagacha ilitadi.

Ish haftasining oxiriga kelib yuqori bosimli maydon chekinadi va Turkmaniston hududidan chiqadigan nam havo oqimi natijasida ob-havo ancha iliydi. Tungi sovuq ham kuchsizlashadi, manfiy haroratlar o‘rnini 0−5 daraja iliq egallaydi, kunduzi esa 7−12 daraja iliq bo‘ladi.

Hafta so‘nggida o‘rtacha ko‘p yillik haroratlar me’yoriy ko‘rsatkichlardan 4−5 darajaga yuqori bo‘ladi.