23 yanvar kuni soat 01:50 da Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining Langar qishlog‘ida sodir etilgan chorva mollarini o‘g‘irlashda gumon qilinib, tuman ichki ishlar bo‘limiga olib kelingan Yu. A. vafot etgan.

Viloyat prokuraturasi xabar berishicha, ushbu holat yuzasidan ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 206-moddasi («Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish») 1-qismi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.

«Tergov davomida jinoyatni sodir etishda gumon qilingan shaxslarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi», — deyiladi prokuratura xabarida.

Qo‘shimcha qilinishicha, ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi. Tergov yakuni bo‘yicha batafsil axborot beriladi.