Tojikiston bilan umumiy chegaralarni demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston hukumati ishchi guruhining 27 yanvar kuni Dushanbega tashrifi rejalashtirilgan. Bu haqda Tojikistonning AP nashri xabar tarqatgan.

Ma’lum qilinishicha, tarkibiga Tashqi ishlar vazirligi xodimlari, kartograf, geodezist hamda davlat chegara nazorati xodimlari kiritilgan ishchi guruh a’zolari 30 yanvarga qadar tojikistonlik hamkasblari bilan davlat chegarasida chegara ustunlarini o‘rnatish masalasiga oydinlik kiritishadi.

O‘zbekiston-Tojikiston chegaralarining alohida hududlari to‘g‘risidagi shartnoma prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 9−10 mart kunlari Tojikistonga rasmiy tashrifi davomida ikki davlat rahbarlari tomonidan imzolangandi.

Shundan so‘ng, ishchi guruhlar tuzilib, o‘tgan yili delimitatsiya ishlari yakuniga yetkazilgan. Joriy yil yanvar oyi boshida esa tomonlar chegarani demarkatsiya qilish masalasiga oydinlik kiritgandi.

Xabarda ta’kidlanishicha, davlatlarning umumiy chegarasi 1332 km tashkil etmoqda.