Qashqaradyo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev yurist va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning «Aytingchi…» loyihasiga bergan intervyusida Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida olti erkakni bug‘doyni o‘z vaqtida sug‘ormagani uchun ariqqa tushirgani hodisasiga ilk bor izoh berdi.

2018 yilning oktyabrida internetda olti erkakning boshini quyi tushirgan holda ariqda turgani aks etgan fotosuratlar tarqalgan edi. Bir oz o‘tib yana olti erkakning qo‘llarida yirik kesak ko‘targan holda dala o‘rtasida turgani tasvirlangan boshqa rasm paydo bo‘ldi. Bular ortidan Zoyir Mirzayev iste’foga chiqarilgan edi.

Prezidentning o‘sha oydagi farmoni bilan u bosh vazir o‘rinbosari — Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari kompleksining rahbari lavozimidan ozod etildi. Bosh vazir Abdulla Aripov hodisaga izoh berar ekan, vaziyatni sharmandali deb atadi.

Noyabrda Zoyir Mirzayev Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimi lavozimiga tayinlandi, 2019 yilning oktyabrida esa Qashqadaryo viloyatiga rahbar bo‘ldi.

Xushnudbek Xudoyberdiyev intervyuda hokimdan ishdan bo‘shatilganidan keyin nimalarni his qilganini so‘radi.

«Rahbar hamma narsaga tayyor bo‘lishi kerak, siz amalni bugun oldingiz, ertaga uni qanday olgan bo‘lsangiz o‘shanday qilib topshirib ketishga tayyor turishimiz kerak. Bu hayot taqozosi. Ikkinchi tarafi borki, o‘shanday payti siz suyanadigan bitta narsa bor — oilangiz bor. Agar siz shunday holatda oilaning yetakchisi bo‘lib turib yoki shu holatga tushgan inson bo‘lib turib „tragediya“ qilib tashlasangiz, o‘zingizga nisbatan, yo eshikni qulflaysan, yotaman, hech kimni kiritma, deb tashlasangiz, bilingki ularga 10 karra og‘ir. U paytda siz o‘zingizni tutishingiz kerak, siz o‘sha narsani yengib, kayfiyatingizni ko‘rsatib, nima bilandir mashg‘ul bo‘lib, o‘sha narsani yengish kerak», — dedi u.

«Men, masalan, o‘shanda o‘zim bekor qolgan davrim ko‘p emas, 12 kun bo‘lgan, 12 kunning ichida, menda har doim xonamda kitob turardi, Marsel Brionning „Menkim, Sohibqiron — jahongir Temur“ kitobini uch yil o‘qiy olmaganman. Kelaman, bir varaq o‘qiyman, yopib qo‘yaman. Kabinetda turardi… Lekin o‘qiy olmaganman. Lekin o‘sha kitobni 9 kunda o‘qib tugatdim», — dedi Zoyir Mirzayev.

O‘sha vaqti holimizni so‘ragan eng yaqin rahbarlarimiz ham bo‘lgan, bu narsani boshdan o‘tkazgan odam biladi, dedi u.

«Men bugun ham amaldan ketadigan bo‘lsam, kim men bilan gaplashmay qo‘yadi, yoki mening ahvolimni so‘ramay qo‘yadi, desangiz, menda balki ro‘yxat yo‘qdir, lekin kutadigan odamlarim bor, kutmaydigan odamlar bor. Men ularning ko‘pidan kutmaganman ham.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u katta xulosa chiqargan va yo‘l qo‘ygan xatolar uchun javob berish kerakligini tushunib yetgan.

«Hech kim xatodan holi emas… Keling, bir narsani aytay, vaqt kerak bo‘lar, balkim bir yil o‘tar, ko‘proq vaqt o‘tar, bu narsaning tagi, negizi nima bo‘lganini butun xalqimiz biladi. Men, albatta, yana aytaman, bu — mening xatoyim bo‘lgan. Zamonni o‘zgarganini hazm qila olmaganim. Zamonga moslasha olmaganim. Sababi, yuqorida aytdimku, ochiqlik… Bu narsani hamma ham hazm qila olmaydi», — dedi viloyat rahbari.

Zoyir Mirzayev rahbarlar har doim to‘laqonli nishonda ekanini ta’kidlab o‘tdi.

«O‘sha kuni ko‘pchilik: „Sen xatoga yo‘l qo‘yding, bu nima o‘zi?“, deb meni izlasa ham bo‘lar ediku. Hech kim meni izlamadi o‘sha kuni. Hattoki imkoniyat ham bo‘lmadi. Yana aytaman, demak, shu vaqtgacha shu to‘g‘risida gapirmadim, bugun birinchi marta gapirayapman. Haqiqiy negizini, hali xolisona eshitamizam, ko‘ramizam. Bu narsa, Xudo xohlasa ko‘riladi. Bunchalik darajada o‘zingiz qatori yurgan xalqni haqorat qilish uchun, xalqni kamsitish uchun odamda yurak bo‘lishi kerak emas. Odam, qandaydir ma’noda boshqacha odam bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Biz unday tarbiya ko‘rmaganmiz. Men, masalan, meni ishga o‘rgatgan insonlar, meni tarbiyalagan insonlarning hammasi — mening domlalarim, o‘qituvchilarim, hammasi, baqir-chaqir, boshqa… Unday narsa bo‘lmagan. Demak ayb, xato, nuqtai nazaridan, yana aytaman, bu shaxsan o‘zimning kamchiligim. Men o‘shanda nima bo‘lgan bo‘lsa, o‘zim loqaydlik qilganman. Hayot bir tekis emas, hamma narsa kurashdan iborat. Albatta, lavozim bor ekan, mansab bor ekan, talash bo‘ladi», — dedi u.

Vaziyatdan chiqargan yana bir xulosa sifatida, Zoyir Mirzayev: «Siz muloqot qilayotgan har qanday odamning g‘ururi, nafsoniyati bor. Uni toptashga hech kimning haqqi yo‘q. Qo‘llab-quvvatlaydigan insonlarning kuchi bilan, kechirimli bo‘lgan rahbarlarimizning sharofati bilan shu joylarda o‘tiribmiz. Men ming marta shukur qilamanki, bugun ishlayapman mana shu joyda. Mana shunday zabardast, bag‘rikeng, bor narsani borligicha qabul qila oladigan Qashqadaryo xalqi bilan ishlash nasib qilgan ekan, men bundan faqatgina faxrlanishim kerak. Xudoga ming marta shukur qilishim kerakki, mana shunday joylarda ishlash nasib qildi», — dedi.