Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidagi uylardan birida 8, 12 va 14 yoshdagi uch aka-uka is gazi bilan zaharlanish oqibatida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

25 yanvar kuni taxminan soat 5:10 da bolalarning jasadlari ishdan qaytgan otasi tomonidan topilgan. Uning 37 yoshli rafiqasi ham is gazidan zaharlanib, kasalxonaga yotqizilgan. Hozir u jonlantirish bo‘limida.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, is gazi oila yotgan xonaga yerto‘laga o‘rnatilgan isitish qozonidan sizib chiqqan.

Eslatib o‘tamiz, 9 yanvar kuni Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida to‘rt kishilik oila, 5 yanvar kuni esa Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatida to‘rt kishi, jumlan uch go‘dak is gazidan zaharlanib vafot etgan edi.