Propiska tizimining bekor qilinishi iqtisodiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu fikrni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov shanba kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub sessiyasida bildirdi.

Vazirning aytishicha, Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatnomasida ta’kidlangan propiska tizimini soddalashtirish masalasi bosh iqtisodiy nazariyalarga asoslanadi: ish odamlar ortidan emas, odamlar ish ortidan yurishi kerak.

«Propiska bo‘yicha cheklov bo‘lgandan keyin, bu tamoyil ishlamaydi. Urbanizatsiya jarayonlari to‘xtaydi. Shuning uchun, murojaatnoma oxirgi uch yilda amalga oshirilgan iqtisodiy-ijtimoiy, siyosiy islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ladi. Uning matniga e’tibor qilsangiz, islohotlarning mantiqiy ketma-ketligini ko‘rasiz», — dedi Qo‘chqorov.

Moliya vaziri dunyoda ayrim kam sonli davlatlardan tashqari barcha mamlakatlarning rivojlanish modeli bozor iqtisodiyoti qoidalariga rioya qilishi yoxud shuni deklaratsiya qilganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, o‘sha davlatlar orasida hanuz qashshoqlik saqlanib qolingan.

Foto: Xalqaro press-klub.

«Bozor iqtisodiyoti hamma masalani hal qilmaydi. U iqtisodiy o‘sish va farovonlikning zaruriy sharti, ammo yetarli emas. Demak, bizda zaruriy shart hal bo‘lyapti. Murojaatnomada belgilangan vazifalar: propiska, qishloq xo‘jaligida paxta va g‘allaga bo‘lgan davlat buyurtmasining bekor qilinishi, qolaversa, shaffoflik haqida ko‘p gapirildi, korrupsiyaga qarshi yangi organ tuzish — bularning barchasi oxir-oqibat iqtisodiyotga tegishli», — deya qayd etdi bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov.

Moliya vaziri propiska masalasida huquqiy baho bera olmasligini ta’kidlab, uning hech joyda qolmaganiga urg‘u bergan.

«U bekor qilinishi kerak… Nima uchun Amerika Qo‘shma Shtatlarida mehnat unumdorligi Yevropa Ittifoqi davlatlaridagidan balandroq? Chunki aholi ko‘proq mobilroq. Kinolarda ko‘rasizlarku, biror amerikalik ish topadi, endi g‘arbiy qirg‘oqda, Sietlda yashayman, deb katta mashinaga mebellarni yuklab, ko‘chib ketadi. Bizda 20 yil avval bir qishloqdan ikkinchi qishloqqa ko‘chmagan», — deb fikr bildirdi Jamshid Qo‘chqorov.

Foto: Xalqaro press-klub.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov ham propiska haqida gapirib, uni xalqaro huquq nuqtai nazaridan «kamsitish, ya’ni diskriminatsiya» tizimi deya baho berdi.

«Konstitutsiyamizda aytib qo‘yilganki, „Har bir fuqaro erkin harakatlanish huquqiga ega“. Hozir bizda ikki xil toifa odamlar bor: Toshkent propiskasiga o‘tish huquqiga ega hamda oddiy fuqarolar», — dedi deputat.

Prezidentning qat’iy siyosiy irodasi ommaga e’lon qilinguncha, amaldorlar bu haqda rasman tanqidiy fikr bildirmagan. Aksincha, propiska talablarini qiyinlashtirishni ko‘zda tutuvchi hujjat loyihasi e’lon qilingandi. «Gazeta.uz»da propiska haqida qator tanqidiy maqolalar e’lon qilingan.

O‘tgan yili «Yuksalish» umummilliy harakati Toshkent va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish tartibini turar joyi bo‘yicha hisobga olish tizimi bilan almashtirish taklifi bilan chiqqandi.