Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev O‘zbekiston yangi bosqichga o‘tishi uchun zamin yaratilganini bildirdi. U bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatnomasi yuzasidan tashkil etilgan Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida fikr bildirgan, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«So‘nggi uch yilda mamlakatimizda katta ishlar amalga oshirildi… Mana shularning tahlili asosida aytishim mumkinki, bizda yangi bosqichga o‘tish uchun zamin yaratildi. O‘tgan uch yillikning yakuni esa saylov bo‘ldi. Men shunday xulosa qildimki, kechagi murojaat keyingi yilda qilinadigan ishlarning murojaati emas, balki keyingi o‘n yillik masalasidir», — deya fikr bildirdi u.

Senator Sodiq Safoyevning ta’kidlashicha, O‘zbekiston muhtasham 10 yillikka kirib bormoqda.

Foto: Xalqaro press-klub.

«Biz uchun bu — hayot va mamot masalasi. Biz zamonaviylashgan, raqobatbardosh davlat bo‘lamiz, yo ortda qolib ketamiz. Shuning uchun, kelgusi davr qadimiy o‘zbek xalqining ming yillik tarixidagi eng muhim 10 yillik bo‘ladi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi», — dedi u.

Senator davlat rahbarining murojaatnomasi orqali milliy yakdlillik platformasi yaratilganiga urg‘u berdi. Uning aytishicha, jahonda to‘rtinchi sanoat inqilobi yuz bermoqda, yangi texnologiyalar hayotning turli jabhalarida keng tatbiq etilmoqda. Zero, murojaatnomadagi vazifa va topshiriqlar faqat parlament yo ijro hokimiyati uchun aytilmadi. Ushbu platforma atrofida xalq bir bo‘lib, jipslashishi lozim.

Xalqaro press-klub raisi Sherzodxon Qudratxo‘jayev davlat rahbari murojaatnomasini «to‘rtta T» tamoyili bo‘yicha anglaganini aytdi: «Murojaatnomada tahlil, taklif, tanqid va tashabbus bor edi».


Foto: Xalqaro press-klub.

Ikki soat va ellik daqiqa davom etgan murojaatnomaning qariyb 64 daqiqasi aynan iqtisodiy rivojlanish mavzusiga bag‘ishlandi. Bosh vazir o‘rinbosari — moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovga ko‘ra, prezident ta’kidlagan raqamli iqtisodiyot davlatlarning qiyofasini o‘zgartirmoqda, samaradorlikni oshirib, shaffoflikni kuchaytirmoqda.

Foto: Xalqaro press klub

«Murojaatnomada xufyona iqtisodiyot masalasiga to‘xtaldi. Har xil baholarga ko‘ra, uning salmog‘i iqtisodiyotimizda 45 foiz ulushga ega. Bunga qarshi kurash yo‘li qanday? Qarshi kurash yo‘llari amalga oshirilmoqda. Bu soliq islohoti, asosan. Ikkinchidan, tadbirkorlar QQS to‘lab, hisob-faktura qog‘ozlarini ishlatsa, tovarlar aylanmasini kuzatib bo‘lmaydi. Shuning uchun, elektron hisob-fakturalar aylanmasini joriy etyapmiz. Shu asosda ma’lum bir tovarning o‘z egasiga yetib borishi, soliq to‘lanishini kuzatib boramiz. Bu mehnat unumdorligi oshishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun, barcha raqamli iqtisodiyotga katta e’tibor qaratmoqda», — dedi moliya vaziri.

«Gazeta.uz» Shavkat Mirziyoyevning parlamentga murojaatida bildirilgan asosiy fikr va iqtiboslarni bir joyga jamlab, e’lon qildi.