Koronavirus tarqalgani sababli Xitoy hukumati 25 ta provinsiya, markazga bo‘ysunadigan shaharlar va maxsus ma’muriy hududlarda sog‘liqni saqlash sohasida eng yuqori darajali favqulodda holat e’lon qildi. Bu haqda Novosti RAA xabar berdi.

Ushbu hududlarda 1,2 milliarddan ortiq odam istiqomat qiladi.

Hubey provinsiyasi birinchi bo‘lib eng yuqori darajali favqulodda holat e’lon qildi. Aynan ushbu provinsiyada virus o‘chog‘i — Uxan shahri joylashgan. Keyinchalik markaz bo‘ysinuvidagi Pekin, Shanxay, Chunsin va Tyanbszin shaharlari xuddi shunday choralarni e’lon qildi.

Bugungi kunda ularga Guandun, Xenan, Xunan, Chjetszyan, Anxoy, Szyansi, Sыchuan, Shandun, Yunnan, Guychjou, Futszyan, Szyansu, Xaynan, Xeylunszyan, Xebey, Gansu, Lyaonin, Shansi provinsiyalari hamda Shinjon va Guansi-Chjuan avtonom tumanlari qo‘shildi.

Uxanda koronavirus bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun ikkita yangi shifoxona qurilishi boshlandi, deb yozdi «Interfaks» The Global Times nashriga tayanib.

Uxandagi koronavirusga chalingan bemorlar uchun alohida kasalxona qurilishi. Surat: Sinxua

Ulardan biri 1000 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 3 fevralga qadar ochilishi rejalashtirilgan. Yarim oy ichida qurilishi kerak bo‘lgan ikkinchi kasalxona esa 1300 bemorga mo‘ljallangan. Novosti RAAning qayd etishicha, shifoxonalar 2003 yilda atipik pnevmaniya epidemiyasi vaqtida ko‘p sonli bemorlarni qamrab olish maqsadida yetti kun ichida qurib bitkazilgan Pekindagi «Syaotanshan» kasalxonasi modeli bo‘yicha barpo etilmoqda.

Uxanda kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan pnevmoniya kasalligi tarqalayotgani haqida dekabrda ma’lum bo‘lgan edi. Kasallik tarqatuvchisi yangi — 2019- nCoV koronavirus turidir. Xitoydagi so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 1287 kishi virusni yuqtirgan, 41 bemor vafot etgan.

Virus Xitoydan tashqarida ham tarqalmoqda. Xususan, Gonkong, Makao, Tayvan, Tailand, Yaponiya, Janubiy Koreya, AQSH, Vetnam, Singapur, Nepal, Fransiya, Avstraliya va Malayziyada kasallikka chalinish holatlari qayd etilgan.

Ilk kasallanganlar dengiz mahsulotlari bozoriga aloqador bo‘lgan edi. Keyinchalik virusning odamdan odamga yuqishi ma’lum bo‘ldi. Avvalroq O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi infeksiya havo tomchilari va maishiy aloqa usullari orqali yuqishini ma’lum qildi. Inkubatsion davr 4 kundan 15 kungacha, bu vaqtda kasallik belgilari — yuqori isitma, yo‘tal, nafas qisilishi kabi alomatlari ko‘zga tashlanmasligi mumkin. Shuning uchun chegarani kesib o‘tish paytida kasal odam qayd etilmasligi mumkin.