Osiyo va Okeaniya mamlakatlari bokschilari uchun Tokio Olimpiadasiga litsenziya beruvchi musobaqa 3−11 mart kunlariga ko‘chirildi. Ayni paytda tashkiliy qo‘mita Xitoydan boshqa mamlakatda ushbu musobaqani o‘tkazish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi xabar bermoqda.

Ma’lumot uchun, Tokio-2020 Olimpiadasining boks bo‘yicha litsenzion musobaqasini tashkil etuvchi qo‘mita bahslar Uxandagi koronavirus sababli qoldirilganini bildirilgandi. Turnirda ishtirok etish uchun Xitoyga jo‘nab ketgan o‘zbekistonlik bokschilar Uishan shahrida o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini davom ettirmoqda.

O‘zbekiston bosh sanitar-epidemilog shifokori Bahrom Almatov sportchilarning sog‘lig‘i nazorat ostida ekanini ta’kidlagandi.

23 yanvar holatiga ko‘ra, koronavirus oilasiga mansub yangi turdagi virus bilan 600dan ortiq holatda bemorlar kasallangani aniqlangan. Kasallik Xitoyning Uxan shahrida keng tarqalgan. Shuningdek, uning tarqalishi Yaponiya, Janubiy Koreya, Tailand va AQSHda ham kuzatildi.

TIVning xabar berishicha, Uxanda 30 dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari bo‘lishi mumkin. Xitoydagi elchixona ular bilan bog‘lanish uchun ijtimoiy tarmoqlarda guruh ochdi.