21 yanvar kuni Qoraqalpog‘istonda joylashgan Taxiatosh IESning birinchi bug‘-gaz qurilmasining gaz turbinasi ishga tushirildi va elektr tarmoqqa quvvat bera boshladi.

Hozirgi vaqtda bug‘-gaz qurilmasida bosh pudratchi rejasiga asosan sinov-sozlash ishlari amalga oshirilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Loyihaning umumiy quvvati 560 MVt bo‘lib, iyul oyida to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati 678,2 million AQSH dollarni tashkil etadi, shu jumladan:

  • Osiyo taraqqiyot bankining qarz mablag‘lari — 300 million dollar;
  • O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining kredit mablag‘lari — 230,7 million dollar;
  • o‘z mablag‘lari — 27,3 million daollar;
  • O‘zbekiston ulushi (berilgan soliq va bojxona imtiyozlari shaklida) — 120,2 million dollar.

2015−2017 yillarda O‘zbekiston prezidentining qarorlariga asosan Taxiatosh IESda quvvati 230−280 MVt.ga teng ikkita bug‘-gaz ustanovkasining qurilishi boshlangan. Loyihaning amalga oshirilishi muddati 2015−2021 yillar etib belgilangan.

Ta’kidlanishicha, ushbu loyihani amalga oshirish hisobiga yillik 488,6 million kub metr yoqilg‘i tejalishiga erishiladi va o‘sib borayotgan elektr energiyasi iste’molini qoplash imkonini beradi.

Mazkur IESning samaradorligi o‘rtacha hisobda 31,21 foizdan 49,7 foizga oshadi, ishlab chiqariladigan elektr energiyasining yillik hajmi 3,6 milliard kVt.s.ni tashkil qiladi.

Issiqlik elektrostansiyasida qurilish ishlari bilan Hyundai Engineering bilan Hyundai Engineering & Construction kompaniyalari konsorsiumi shug‘ullanmoqda.