Toshkent arxitektura-qurilish instituti binosining 3-qavatidagi 310-auditoriya shifti osilib qolganligi sababi — 24 yanvar kuni kunduzi kuzatilgan yer silkinishi. Buning oqibatida xona shiftining 5 kv. metri ko‘chib tushgan. Qurilish vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, shift tushib ketgan paytda xonada hech kim bo‘lmagan.

«Ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan videoda aks etgan o‘quv xonasida 2019 yilning oktyabr oyidan beri dars mashg‘ulotlari olib borilmaydi. Ushbu binodagi o‘quv jarayonlarini Yunusobod tumanidagi Mashinasozlik kasb-hunar kolleji binosida davom ettirish ishlari olib borilmoqda», — deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, holat yuzasidan Qurilish vazirligi tomonidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Oliy ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda ishchi guruhi tuzildi, voqea joyiga borilib, vaziyatni o‘rgangan holda tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.