2020 yil — Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili.

Shavkat Mirziyoyev joriy yilni ana shunday nomlashni taklif etdi, parlamentariylar buni ma’qulladi. Ushbu yilda Nukus, Buxoro, Samarqand, Guliston va Urganch shaharlarida IT-parklar tashkil etiladi. «Elektron hukumat» tizimining barcha tashkiliy va institutsional masalalari hal etiladi.

Shuningdek, qurilish, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, transport, geologiya, kadastr, sog‘liqni saqlash, ta’lim arxiv sohalarini to‘liq raqamlashtirish ishlari boshlanadi. Yaqin ikki yilda barcha qishloq va mahallalar tezkor internet bilan ta’minlanadi.

Ikki oy muddat ichida «Raqamli O‘zbekiston-2030» dasturi ishlab chiqilishi kerak. Ishlarni tizimli tashkil etish uchun hukumatda bosh vazir o‘rinbosari, vazirlik va idoralarda hamda hokimliklarda esa alohida o‘rinbosar lavozimlari joriy etiladi.

Prezident 2019 yili o‘tkazilgan parlament saylovini eslab, saylov jarayonlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha alohida masalalarni ma’lum qildi:

  • saylov komissiyasi va aholining saylov madaniyatini oshirish;
  • siyosiy partiyalarning o‘z elektorati bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish;
  • mahalliy kengashlarga saylov o‘tkazishning uch pog‘onali tizimini optimallashtirish, bunda tuman va shahar saylov komissiyasining rolini oshirishga alohida e’tibor qaratish lozim;
  • partiyalarning siyosiy faolligini oshirish lozim.

«Demokratik islohotlar sari yo‘l — biz uchun yakkayu yagona va eng to‘g‘ri yo‘ldir», — deya ta’kidladi prezident.

Uning qayd etishicha, davlat doim bosh islohotchi sifatida bo‘lib kelgan va bu siyosat darajasiga ko‘tarilgan. Barchasi «yuqoridan» belgilanar edi.

«Endi esa islohot jamiyatdagi haqiqiy holatdan kelib chiqib belgilanadi. Xalqni qiynayotgan muammolar esa OAV, ijtimoiy tarmoqlardagi kayfiyatlar, xalq qabulxonalari va boshqa „barometrlar“ orqali aniqlanadi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Ta’lim haqida

Ta’lim yo‘nalishida murojaatnomada belgilangan vazifalar quyidagicha bo‘ldi:

  • maktab bitiruvchilarining oliy ta’limga qamrovi 25 foizdan 50−60 foizga yetkaziladi;
  • OTM davlat granti asosida qabul ikki barobar oshiriladi, shuningdek, qizlar uchun alohida davlat grantlari joriy etiladi;
  • o‘qishga kirish soddalashtiriladi;
  • ona tili bo‘yicha bilimlarni baholashning milliy test tizimi paydo bo‘ladi;
  • mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar soni ikki baravarga kamayadi;
  • oliy ta’lim o‘quv jarayonida kredit-modul tizimi joriy etiladi;
  • pedagogik ta’limning 6ta yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish muddati 3 yil etib belgilanadi;
  • 10ta OTM o‘zini-o‘zi moliyalash tizimiga o‘tib, kamida 5ta OTM transformatsiya qilinadi.

Bundan tashqari, maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarni bog‘chalarga qamrab olish ko‘rsatkichini 60 foizga yetkazish ko‘zlanmoqda. Shu bilan birga, 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimini joriy qilish davom ettiriladi. Shu maqsadda 130 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi. 2020 yilda 36ta yangi maktab qurilib, 216tasi kapital ta’mirdan chiqariladi. Ushbu ishlarga esa 1,7 trln so‘m mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan.

Joriy yilda 55ta xususiy maktab tashkil etilishi, ularning respublikadagi umumiy soni 141taga yetkazilishi bildirildi. Yuqori malakali o‘qituvchilar maoshini yanada oshirish masalasi davom etadi. Professional kasb-hunar ta’limda yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi: 340ta kasb-hunar maktabi, 147ta kollej va 143ta texnikum tashkil etiladi. Milliy malaka tizimi ishlab chiqiladi, natijada 9000ga yaqin kasblar bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.

Kambag‘allik va propiska haqida

Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, hukumat 1 aprelga qadar propiska tizimini isloh qilishni nazarda tutuvchi takliflarni ishlab chiqishi lozim.

«Asosiy ishchi kuchi yashaydigan va ish o‘rinlari yaratilayotgan hududlarimiz o‘rtasida tafovut mavjud. Buning yechimi — ichki migratsiyani erkinlashtirishdir. Shu bois, parlament va hukumat 2020 yil 1 aprelga qadar propiska tizimini isloh qilish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganib, aniq takliflarni ishlab chiqishi lozim», — dedi u.

Davlat rahbarining aytishicha, uy-joy qurilishiga xususiy sektorni faol jalb qilmasdan turib, aholining uy-joyga bo‘lgan talabini to‘liq ta’minlash mumkin emas. Shu sababli yangi ipoteka tizimi joriy etilmoqda. Bu borada viloyatlardagi shaharlar va Toshkent shahrida 18 mingga yaqin hamda qishloqlarda 4000ta uy-joy xususiy sektor tomonidan quriladi.

«Kam ta’minlangan aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida shaharlarda 16 ming oilaga uy-joy olishga boshlang‘ich badal va kredit foizini qoplashga byudjetdan 1 trln so‘m subsidiya ajratiladi», — deya qayd etdi prezident.

O‘zbekistonda Kambag‘allikni kamaytirish dasturi ishlab chiqiladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatda kam ta’minlangan aholi soni 12−15 foizni (4,5−5 mln kishi) tashkil etadi. Oxirgi 2 yil ichida ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 1,3 barobarga ko‘paydi, nafaqalar miqdori 2 barobarga oshdi.

Lekin kam ta’minlangan aholiga ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam pulini to‘lash yoki ular miqdorini oshirish orqali ushbu muammo to‘liq yechilmaydi. Shuning uchun Jahon banki, BMTning Taraqqiyot Dasturi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan birga O‘zbekistonda Kambag‘allikni kamaytirish dasturi ishlab chiqiladi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslar

Avvalo, soliq islohotini barqaror davom ettirish maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi qoshida Fiskal institut tashkil etiladi. Unda soliqchilar malakasi oshiriladi, yangi bilimlar beriladi. Bo‘sh turgan yer maydonlari va binolar haqida aniq ma’lumot beruvchi onlayn platforma ishga tushadi. To‘lovga qobiliyatsiz korxonalarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha yangi tizim ishga tushadi.

«Kichik va o‘rta biznes to‘g‘risida»gi qonun loyihasi tayyorlanadi, bundan tashqari litsenziyalash va ruxsatnomalar berish tartibida jiddiy o‘zgarish kutilmoqda. Mirziyoyevning ta’kidlashicha, ruxsatnomalar soni 2−3 baravarga kamayishi lozim.

«Yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik sub’ekti a’zolariga „jinoiy uyushma“ degan ayblov qo‘yib, ularga og‘ir jazo tayinlash kabi allaqachon umrini o‘tab bo‘lgan tartiblarni bekor qilish vaqti yetdi. Buning oqibatida yuzlab tadbirkorlar qanchadan-qancha aziyat chekib, moddiy zarar ko‘rayotganlarini inobatga olsak, bu o‘zgarishlarning qanday katta ahamiyatga ega ekani yaqqol ayon bo‘ladi», — dedi prezident.

Shunga muvofiq, Oliy sud, Bosh prokuratura, Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi 2020 yil 1 aprelgacha ana shu masalalar bo‘yicha tegishli qonun loyihasini puxta ishlab chiqishi lozim.

Qishloq xo‘jaligida kutiladigan o‘zgarishlar

Paxta va g‘alla yetishtirishda davlat buyurtmasi bekor qilinadi. Kelgusida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan ko‘rsatma berish, resurslarni taqsimlash, reja belgilash kabilardan voz kechiladi. Agrar sohaning boshqa sohalariga ham arzon kreditlar ajratilishi yo‘lga qo‘yiladi. Shundan keyin, joriy yilda 2 milliard AQSH dollariga teng, kelgusi 5−7 yilda esa bundan 3−4 baravar ko‘p meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish rejalashtirilmoqda.

Agrar sektorda barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun «Kooperatsiya va klasterlar to‘g‘risida»gi yangi qonun qabul qilinadi. Shu yilning o‘zida 44 ming ga yer maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etiladi.

Murojaatnomada ta’kidlangan turizm sohasi bo‘yicha

2020 yilda O‘zbekistonda 7,5 million xorijiy sayyoh tashrif buyurishiga erishish ko‘zlanmoqda. Ziyorat va an’anaviy turizm rivojlanishi mumkin bo‘lgan marshrutlardagi ob’ektlar soni 800taga yetkaziladi. Joriy yilda yangi va zamonaviy mehmonxonalarni qurish uchun 200 milliard so‘m davlat subsidiyasi ajratiladi.

Islohotlar samaradorligi quyidagi to‘rtta omilga bog‘liq ekani aytildi:

  • qonun ustuvorligi;
  • korrupsiyaga qarshi qat’iy kurash;
  • institutsional salohiyatni yuksaltirish;
  • kuchli demokratik institutlarni shakllantirish.