AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeo 2−3-fevral kunlari Toshkentga tashrif buyuradi, deb xabar berdi AQSH TIV matbuot xizmati juma kuni. Ushbu tashrif davlat kotibining Buyuk Britaniya, Ukraina, Belarusiya, Qozog‘iston va O‘zbekistonga qilgan safari doirasida amalga oshiriladi.

Toshkentda Maykl Pompeo prezident Shavkat Mirziyoyev va tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashadi.

Shuningdek, u “Markaziy Osiyo — AQSH” formatidagi vazirlar uchrashuvida (“C5 + 1”) ishtirok etadi. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari ishtirok etadi.

Maykl Pompeo AQSHning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasiga muvofiq mintaqa davlatlarini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlaydi, deyiladi xabarda.

Maykl Pompeoning Ukraina, Belorusiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Kiprga tashrifi 3−7-yanvar kunlariga rejalashtirilgan edi, ammo Iroqda Amerika elchixonasi yaqinidagi norozilik namoyishlari va ushbu mamlakatdagi vaziyatning keskinlashgani sababli kechiktirildi.