24 yanvar kuni O‘zbekiston tomoni tashabbusi bilan tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va Rossiya tashqi ishlar vazir Sergey Lavrovning telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar mahkamasi axborot berdi.

«Tomonlar avvalroq Toshkentda bo‘lib qaytgan Rossiya tashqi siyosat mahkamasi rahbari bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakuni, O‘zbekiston prezidentining Rossiya Federatsiyasiga amalga oshiradigan davlat tashrifi bo‘yicha keyingi qadamlarni muhokama qilishdi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, Lavrov o‘zbekistonlik hamkasbini o‘z lavozimiga qayta tayinlangani bilan tabriklagan.

Joriy yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik masalalari Lavrovning yanvar o‘rtasida Toshkentga tashrifi davomida ham muhokama etilgandi.

Tashrif muddati va kun tartibi hozircha oshkor etilmagan. Rossiya nashrlarining yozishicha, u yozda bo‘lishi mumkin.