Navoiy shahrida faoliyat yurituvchi Sensorika korxonasi rahbari Norbek Arziyev navoiyliklarga cheksiz va bepul Wi-Fi orqali internetga ulanish imkoniyatini taqdim etmoqchi. Norbek Arziyev «Gazeta.uz» bilan telefon muloqotida loyiha sinov-tajriba tarzida ishga tushganini ma’lum qildi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan e’lon qilingan startap loyihalar tanlovida g‘olib bo‘lgan Norbek Arziyev Latviyadan 300dan oshiq router uskunalarini import qilgani, loyihani to‘laqonli ishga tushirish uchun barcha sharoitlar hozirlanganini aytib berdi.

«Ayni paytda shaharning 20ta nuqtasida loyiha sinov tarzida ishlab turibdi. Biz taklif etayotgan loyihaning afzalligi — aholiga haqiqatdan ham bepul va cheksiz internetning taqdim etilishidadir. Shaharning istalgan nuqtasidan to‘lqin tarmog‘iga ulangan foydalanuvchi uzluksiz 1 Mbit/s tezlikdagi internet bilan ta’minlanadi», — deydi loyiha muallifi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, loyiha bo‘yicha 1 mlrd so‘m davlat granti ajratilgan va 2020 yilning o‘zida shahar bo‘ylab yuqori to‘lqinli 500ta router o‘rnatilishi kutilmoqda.

Ushbu loyihani joriy yilning 21 mart kuni — Navro‘z bayrami arafasida rasman ishga tushirish rejalashtirilgan. Muallifning qo‘shimcha qilishicha, tezligi 4 Mbit/s bo‘lgan analog uzatma pulli obuna orqali taqdim etiladi.

Toshkent shahrida ham shunga o‘xshash (qisman tijoriy) loyihalar ishga tushirilgan. Jumladan, poytaxt metropolitenida ham internetga ulanish imkoniyati paydo bo‘lgan.