Xalqaro Transparency International korrupsiyaga qarshi tashkiloti 2019 yil uchun korrupsiyani qabul qilish indeksini e’lon qildi.

O‘zbekiston reytingdagi 180 o‘rindan 153-pog‘onani egallab, 2018 yildagiga nisbatan 5 ta o‘ringa yuqoriladi. 100 balli ko‘rsatkich bo‘yicha Kamerun, Markaziy Afrika Respublikasi, Komor va Tojikiston bir xilda 25 ball to‘pladi.

Umuman olganda, 19 davlatni o‘z ichiga olgan Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi 100 balldan 35 ball to‘pladi. Faqat uchta davlat — Gruziya (56 ball), Belorusiya (45) va Chernogoriya (45) dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan yuqori natija qayd etdi. Mintaqadagi eng yomon ko‘rsatkichlar Turkmaniston (19), O‘zbekiston va Tojikistonga (25tadan) tegishli.

«Nazorat institutlariga kuchli siyosiy ta’sir, sud hokimiyatining mustaqil emasligi va matbuot erkinligining cheklanganligi mintaqadagi ko‘plab mamlakatlarda hokimiyatning haddan tashqari kuchayishiga olib kelgan», deyiladi Transparency International hisobotida.

«Agar siyosiy rahbarlar ijtimoiy manfaatlarga ustuvor ahamiyat berib, shaffoflik namunasini ko‘rsatsalar, korrupsiyaga qarshi samarali kurashish mumkin», deyiladi hisobotda.

Dunyoda

2019 yilda 180 mamlakatning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i o‘rtacha 50 dan kam ball to‘plagan, o‘rtacha 43 balni tashkil etdi. Reytingda birinchi o‘rinni 87 ochko bilan Yangi Zelandiya va Daniya egalladi. Undan keyin Finlyandiya (86), Singapur (85), Shvetsiya (85) va Shveysariya (85) bormoqda.

Reytingning so‘nggi pog‘onalarini esa 9, 12 va 13 ball bilan Somali, Janubiy Sudan va Suriya egallab turibdi.